Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan 21-iyul kuni chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sohasida to‘lov intizomini, qonun ijrosini ta’minlash mexanizmlari hamda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan savollar yo‘llangandi.
Unda HET ilovasida aholi tomonidan maishiy chiqindi xizmati bo‘yicha qarzdorlik haqidagi ma’lumotlar aks etmayotgani, “Toza makon” elektron billing tizimi bilan “Hududiy elektr tarmoqlari kompaniyasining billing tizimi o‘rtasida to‘liq integratsiya ta’minlanmagani jamoatchilikda tashvish tug‘dirayotgani ta’kidlangan.
Mazkur holat yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi izoh berdi.
Ta’kidlanishicha, agentlik va Hududiy elektr tarmoqlari axborot tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan texnologik yo‘riqnoma asosida dasturchilar tomonidan texnik ishlar amalga oshirilib, tizimlar o‘zaro integratsiya qilingan.
Shu bilan birga, qattiq maishiy chiqindidan qarzdor abonentlarga Hududiy elektr tarmoqlari’ning 2100 qisqa raqami orqali har oyda SMS xabarnoma yuborish to‘g‘risida agentlik va HET o‘rtasida shartnoma imzolangan.
Qolaversa, agentlikning Toza Makon billing tizimi tegishli vazirlik-idoralar va portallar hamda Elektron hukumat dasturlari bilan o‘zaro integratsiya qilingan. To‘lovlarni to‘g‘ri hisob kitob qilish hamda iste’molchilar e’tirozlarining oldini olish uchun tizimda abonentlarning ma’lumotlari taqqoslanib, ular asosida tizimdan identifikatsiyadan o‘tkazish ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Play Mobile korxonasi hamda agentlik o‘rtasida qarzdorligi mavjud abonentlarga xabarnoma yuborish bo‘yicha shartnoma imzolanib, mamlakatdagi barcha xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonalari tomonidan qarzdor abonentlarga SMS xabarnoma oyma-oy jo‘natish tizimi joriy etilgan.
Chiqindidan qarzi bor abonentlarning qarzdorligi so‘ndirilmagunicha elektr uchun to‘lovlarni cheklash tizimi Toza Makon billing tizimida abonentlar identifikatsiyadan o‘tkazilgan hamda maxsus texnikalar GPS uskunalarini hisobga olishning billing tizimiga ulangan holda to‘lovlarni hisoblash yo‘lga qo‘yilgan hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi, deya qo‘shimcha qilingan agentlik xabarida.
Joriy yilning 1-avgust oyidan chiqindi xizmatlaridan qarzdor fuqarolarning elektr energiyasi uchun to‘lovlariga cheklov o‘rnatilishi belgilandi. Endi chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha SMS-xabarnoma yuborilib, qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kun vaqt beriladi. Bu muddat ichida mavjud qarzdorlik to‘lanishi lozim.
Abonentlar tomonidan belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmasa, ularda elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Shu bilan birga, bu cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilan avtomatik tarzda yechiladi.
Chiqindidan qarzdorlik uchun “svet"dan uzish
2024-yil boshida qabul qilingan prezidentning chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilashga qaratilgan farmonida chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish belgilangan.
Bunda, o‘tgan yilning 1-iyunidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida (6 oylik qarzdorlik uchun), 1-noyabrdan mamlakatning barcha hududlarida (3 oy) hamda 2025-yildan barcha hududlarda bir oylik qarzdorlik uchun ogohlantirishdan keyin to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.
Oktabrga kelib, chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi bor fuqarolar elektr to‘lovlari cheklanishidan ogohlantirila boshlandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” faqat bildirishnoma jo‘natish bilan cheklanib, elektr energiyasi uchun esa to‘lov qilish mumkin.
Bu elektr energiyasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga hamda “HET” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish talab etilishi bilan izohlandi.
Undan keyin kompaniya 1-noyabrdan chiqindidan qarzi borlar elektr energiyasidan tо‘liq uzilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. To‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklashni joriy qilish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 24-dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan esa joriy yilning 21-fevralida ma’qullangan. Mart oyiga kelib prezident tomonidan imzolandi.
Avvalroq 2,6 mingdan ortiq issiqxonalarning 449,7 mlrd so‘mlik soliq to‘lovlari 2026-yilgacha uzaytirilgani haqida xabar berilgandi.