Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilgani haqida xabar berilgandi. Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilmoqda. Hozirda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilmoqda.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida vizasiz rejimga ega mamlakatlar sonining ko‘payishi aviaparkni kengaytirish va havo kemalari sonini ko‘paytirish uchun qulay sharoit yaratishini qayd etdi. Yo‘lovchilar oqimining o‘sishi va havo portlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish zarurati tufayli yangi xalqaro aeroport qurish zarurati tug‘ildi. Joriy yilda mamlakat aeroportlarida yo‘lovchi oqimi o‘tgan yilga nisbatan 13% ga oshgan.

Prezidentga Toshkent xalqaro aeroporti loyihasi taqdimot qilindi. Mahkamovning qayd etishicha, Toshkent viloyatida xalqaro aeroport qurilishi loyihasi “boy tajribaga ega” kompaniyalar bilan DXSh asosida amalga oshiriladi. U Toshkent xalqaro aeroportidan 17 km uzoqlikda — poytaxt janubida joylashadi.

Yangi xalqaro aeroport Toshkent shahri va Samarqandni bog‘lovchi mavjud yo‘ldan uzoq bo‘lmagan nuqtada, Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yida — transport-logistika infratuzilmasiga yaqin bo‘lgan hududda quriladi.

Taqdimotga ko‘ra, mutaxassislar yangi poytaxt aeroporti qurilishini “zaruriy chora” deb baholadi.

Prognozlarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish 10 yilga kechiktirilsa, bu yalpi ichki mahsulotga $8,6 mlrd miqdorida salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada O‘zbekiston mintaqaviy “aviatsiya xabi"ga aylanish imkoniyatini qo‘ldan boy berishi mumkin.

aeroport, ilhom mahkamov, javlonbek umarxo‘jayev, prezident, toshkent aeroporti, transport

Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev Toshkentdagi mavjud aeroport yiliga 11 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga egaligini ma’lum qildi. Havo bandargohining o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 17 ta uchish va qo‘nishni tashkil etadi va perronda bir vaqtning o‘zida 70 tagacha samolyot joylashishi mumkin.

“Tan olish kerakki, iqtisodi o‘sish, sayyohlar oqimining ko‘payishi va xalqaro ishbilarmonlik aloqalarining kengayishi hisobiga hozirgi Toshkent xalqaro aeroporti o‘sib borayotgan yukni ko‘tara olmayapti”, — dedi u.

Kunning tig‘iz vaqtlarda aeroport hududiga yaqin yo‘llarning o‘tkazuvchanlik quvvati kamayishi natijasida avtomobillarning to‘planib qolishi, avtoturargohga mashinalarning sig‘may qolish holatlari kuzatiladi.

Terminal binosini 2030-yilgacha kengaytirish hisobiga yo‘lovchilar oqimi 15 mlngacha yetishi mumkin. Biroq, Umarxo‘jayevga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida bir nechta uchish-qo‘nish yo‘lagidan foydalanish imkoni mavjud bo‘lmaydi.

“Yana bir muhim jihatlardan biri — bu havo hududi. Mavjud aeroport shahar markaziga yaqin joylashgani hisobiga uchish trayektoriyasida manyovr qilish masalasi 50% gacha cheklangan. Toshkent aeroporti 2030-yilgacha o‘zining barcha resurslaridan foydalanib bo‘ladi”, — dedi Uzbekistan Airports rahbari.

Umarxo‘jayev keyingi besh yil ichida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport qurilishiga yuqori talab mavjudligini qayd etdi.

Birinchi bosqichda havo porti yiliga 20 mlngacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, 169 ta samolyotni joylashtirish va bir vaqtning o‘zida soatiga 40 dan ortiq uchish va qo‘nishni ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Terminal binosidan samolyotga kirish uchun birinchi bosqichda 14 ta ko‘prik quriladi, loyiha yakuni bilan ularning soni 45 taga yetkaziladi.

Umarxo‘jayev aeroport to‘liq raqamlashtirilishi va “eng zamonaviy texnologiyalar” asosida qurilishiga va’da berdi. Prezident loyihani xalqaro standartlar asosida, “tajribaga ega yirik xorijiy kompaniyalar"ni jalb qilgan holda, “tez va sifatli” amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yangi Toshkentda aeroport

2024-yil sentabr oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot bilan suhbatda poytaxtning 13-tumani — Yangi Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishini ma’lum qilgandi.

“Barchasi reja asosida. Hozircha hech kim hech narsa boshlamagan. Tez orada — prezident ma’qullagach boshlanadi. Avval investor topishimiz va u bilan hamma narsani kelishib olishimiz kerak. Loyiha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida [amalga oshiriladi]”, — dedi u.

Transport vaziri o‘rinbosarining qayd etishicha, vaqt o‘tishi bilan yangi operatorlarni jalb qilish, xususiy investitsiyalar va yangi yer uchastkalarini o‘zlashtirish bilan o‘tish ko‘zda tutilmoqda. Yangi aeroport qurilgach, moslashish va sinovdan o‘tkazish davri boshlanadi, bu esa taxminan 2−3 yil davom etadi.

Choriyev o‘sib borayotgan yo‘lovchilar oqimi va talablarni qondirish uchun mavjud aeroportni doimiy ravishda kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Yangi aeroport foydalanishga topshirilgunga qadar mavjudiga investitsiya kiritish, jumladan, perronlar, avtoturargohlar va aerovokzalni kengaytirish davom etadi.

“Biz [yangi aeroport] qurganimizdagina investitsiyalarni to‘xtatamiz. Keyin moslashuv davri boshlanadi. Men investitsiya kiritish va kengaytirishni to‘xtatishni aytgan bo‘lardim. Agar biz [mavjud aeroportni] kengaytirmasak, yomon ahvolga kelib qoladi”, — dedi Jasurbek Choriyev.

Agar 2030-yilgacha yangi aeroport qurilsa, hech bo‘lmaganda 2028−2029-yillarga qadar mavjud aeroportni rivojlantirish va unga sarmoya kiritish kerak, deya qo‘shimcha qildi u. Moslashish davrida yangi aeroportga o‘tish munosabati bilan mavjud aeroportga investitsiyalar to‘xtatiladi.

Prezidentning 2024-yilning 31-avgustdagi qarori bilan Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports”, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligiga sentabr oyida yangi aeroport qurish va boshqaruvini topshirish bo‘yicha strategik tashabbuskorlar bilan muzokaralar o‘tkazish topshirilgan.

Loyihaning dastlabki qiymati $1,5 mlrdni tashkil etib, 2025-yilda loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, xususiy sherikni tanlash rejalashtirilgan. 2026-yilning dekabrigacha esa DXSh bitimini imzolash belgilangan.

“Cross Works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Yangi Toshkent” bosh rejasiga muvofiq, hududda aeroport qurilishi rejalashtirilgan. Iyun oyida hukumat qarori bilan egizak minoralar, ikkita universitet kampusi, davlat idoralari va qirg‘oq joylashgan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlangandi.

Avvalroq Spot Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishini shu yilning sentyabr oyi boshida yakunlash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati Spotga ma’lum qildi.