Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilgani haqida xabar berilgandi. Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilmoqda. Hozirda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilmoqda.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida Toshkent va Chorvoq o‘rtasida yangi yo‘l qurilishi loyihasi ham taqdimot qilinganini ma’lum qildi.

Vazir o‘z so‘zida Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahri uchun “muhim yo‘nalish"ga aylangan “Chorvoq-Chimyon” rekreatsion zonasiga so‘nggi vaqtlarda “katta investitsiyalar” yo‘naltirilib, unga boruvchi yo‘l turistik jihatdan rivojlantirilayotganini qayd etdi.

“Bugungi kunda mavjud yo‘limiz juda tirband holga kelib qolgan. Prezident tomonidan [Toshkentdan Chorvoqqa harakatlanuvchi avtomobil yo‘lining qurilishi bo‘yicha] qaror qabul qilindi. Bu yo‘nalishning dastlabki konsepsiyasini taqdim etdik”, — dedi vazir.

Ilhom Mahkamov Toshkent-Chorvoq avtomobil yo‘li qurilishi tanlov asosida amalga oshirilishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha “ilg‘or kompaniyalar bilan DXSh asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, vazir bu yo‘l qurilishi mavjud yo‘lga tegmagan holda boshlanishini qo‘shimcha qilgan.

2024-yilning sentabrida Bektemirdan Chorvoqqa boruvchi yo‘lning bir qismini pulli qilish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi. Turkiyaning Onur Group kompaniyasi mazkur yo‘lning 70 km uzunlikdagi qismini rekonstruksiya qilishga qiziqish bildirgan.

Undan keyin Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov mazkur avtomobil yo‘lining bir qismini pulli qilish uchun unga muqobil yo‘lni ta’minlash kerakligini ma’lum qildi.

“A nuqtadan B nuqtaga boriladigan yo‘lda muqobillik ta’minlanishi shart, bu mening shaxsiy fikrim. Bugungi kunda Toshkent-Bo‘stonliq yo‘lida muqobillik asosida boriladigan bir emas, ikkita yo‘l bor”, — dedi Jamshid Tursunov.

Qo‘mita raisining fikricha, yo‘lni uzil-kesil pulli qilish haqida aytilishiga sal boshqacharoq qarash lozim. Shu bilan birga, u Toshkentdan Bo‘stonliqqa boruvchi yo‘lning tirband bo‘lishiga ham e’tibor qaratdi.

Avvalroq Spot Toshkent-Samarqand pulli avtoyo‘li bo‘yicha tender yakunlangani haqida yozgandi. Ilhom Mahkamov uzoq vaqt davom etgan xalqaro tanlov g‘olibi bilan yakuniy muzokaralar olib borilishini ma’lum qildi. 2025-yilda qurilishni boshlash rejalashtirilgan.