Senat uch oydan ortiq xorijda bo‘lib qaytganlar majburiy OIV tekshiruvidan o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2024-yilda uzoq muddat chet elda bo‘lib qaytgan 1,7 mln fuqaroning faqat 434 mingi yoki 25%i ixtiyoriy ravishda OIV/OITSga tekshirilgan. Ularning 1 512 nafarida bunday kasallik aniqlangan. Shuningdek, 2024-yilda 12,7 mingdan ortiq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ixtiyoriy ravishda OIV/OITSga tekshirilgan hamda ularning 81 nafari bunday kasallikka chalingani aniqlangan.

Qonun bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida"gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, mamlakat hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda ishlash uchun O‘zbekistonga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.

Shuningdek, o‘zbekistonliklar va mamlakatda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar majburiy tibbiy tekshiruvdan budjet mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladi. Ishlash uchun O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlar hamda mamlakatda doimiy yashaydigan chet el fuqarolari esa o‘z mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladi.

Endilikda OIV/OITS va sil kasalligi aniqlanishi O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma berishni rad etish uchun asos bo‘ladi.

Shu bilan birga, O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni borayotgan davlatining tegishli qonunchiligi, bu davlatda bo‘lish qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish majburiyati xususiy bandlik agentliklariga beriladigan litsenziya shartlaridan biri etib belgilanadi.

Iyul oyi avvalida Qonunchilik palatasi deputatlari ushbu qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yuborgan edi. Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Murodbek Mahmudov uch oydan ortiq xorijiy davlatda bo‘lib qaytgan fuqarolarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majburiy emasligi yuqumli kasalliklarni vaqtida aniqlashga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlagan edi.

Avvalroq Soliq qo‘mitasi raisiga ERI bilan bog‘liq holatlar yuzasidan deputat so‘rovi yuborilgani haqida xabar berilgandi. Deputat so‘rov orqali sohani takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar kiritgan.