Toshkent bozorlarida arzonlashtirilgan narxlarda go‘sht sotilishi boshlandi. Bu haqda poytaxt matbuot xizmati xabar berdi.

Hokimlik poytaxtda aholini sifatli va hamyonbop oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha “tizimli ishlar olib borilayotgani"ni qayd etdi. Natijada narxlarning fuqarolar uchun “sezilarli darajada o‘zgarishiga erishilgan”.

Xususan, Toshkentdagi Aviasozlar, Farhod, Eski juva (Chorsu), Yunusobod hamda Qo‘yliq dehqon bozorlaridagi qo‘shimcha ravishda 84 ta rasta tashkil etilib, savdo nuqtalarining umumiy soni 708 taga yetkazildi.

3-avgust holatiga ko‘ra, poytaxt bozorlariga 87,9 tonna go‘sht yetkazib berilgan. Shundan 21,8 tonnasi yoki jami hajmning 27,6%i qo‘shimcha hajmni tashkil etdi. Uning taqsimoti quyidagicha:

  • Aviasozlar — 3,1 tonna;
  • Farhod — 5,6 tonna;
  • Eski Juva — 6 tonna;
  • Yunusobod — 3,2 tonna;
  • Qo‘yliq — 4 tonna.

Hokimlikning qayd etishicha, mazkur rastalarda go‘sht arzonlashtirilgan narxlarda sotilmoqda. Unga ko‘ra, mahalliy mol go‘shti 85 ming so‘mni, qo‘y go‘shti esa 90 ming so‘mni tashkil etadi. Shu bilan birga, Belarus mol go‘shti 70 ming so‘mdan sotilmoqda. Muzlatilgan go‘sht — 65 ming so‘m.

Shu bilan birga, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Navro‘z bozorida ham yana bir arzonlashtirilgan savdo nuqtasi ish boshladi. U orqali mahalliy ishlab chiqarilgan go‘sht, shuningdek, Belarus, Mo‘g‘uliston va Hindistondan import qilingan mahsulotlar sotiladi. Jumladan, Mo‘g‘ulistondan keltirilgan qo‘y go‘shti 75 ming so‘mdan taklif etilmoqda.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, go‘sht so‘nggi bir yil ichida narxlari eng ko‘p oshgan mahsulotlar qatoriga kirdi. Qo‘y go‘shti 32% ga, mol go‘shti 30,5% ga qimmatlashgan. Shu bilan birga, oziq-ovqat savatidagi mahsulotlarning 80%i 10% dan kamroqqa qimmatlashdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi may oyida go‘sht narxining oshishini bir necha omillar, jumladan, import qiluvchilar tomonidan talabning yuqoriligi, ozuqa va transport narxining oshishi bilan izohlagandi. Shu bilan birga, vazirlik O‘zbekiston “go‘sht narxi eng arzon bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishini” ta’kidladi.

Iyun oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi barqaror bo‘lishi shartligini qayd etib, ular keskin oshmasligi hamda korxonalar “soya"dan chiqib ishlashi uchun QQSning yarmini keshbek sifatida qaytarish tartibi tasdiqlanganini ma’lum qildi.

Avvalroq Toshkentda go‘sht va chorvachilik importyorlari uyushmasini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Bu orqali narxlarni tartibga solish va bozorni ta’minlashda tizimli yondashuvni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.