Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilgani haqida xabar berilgandi. Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilmoqda. Hozirda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilmoqda.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov Toshkentning yangi aeroporti mavjud havo bandargohidan 17 km uzoqlikda, poytaxtdan janubda qurilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Manzil logistika va transport infratuzilmasiga, jumladan, Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi M-39 avtomagistraliga yaqinligidan kelib chiqib tanlangan. Yangi aeroport bo‘lajak Toshkent-Samarqand pulli yo‘li yo‘nalishida joylashadi.

Spot Toshkent viloyati xaritasini tahlil qilib, amaldagi aeroportdan 17 kilometr (sariq chiziq) masofani hisobga olgan holda, yangi havo portining ehtimoliy joylashuv o‘rni Yangiyo‘l shahri yaqinida bo‘lishi mumkinligini aniqladi. Anonim qolishni xohlagan ishonchli manbaning Spot’ga tasdiqlashicha, yangi aeroport qurilishi haqiqatan ham shu hududda rejalashtirilgan.

aeroport, yangiyo'l, toshkent aeroporti

Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev Toshkentdagi mavjud aeroport yiliga 11 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga egaligini qayd etdi. Terminalni 2030-yilgacha kengaytirish hisobiga yo‘lovchilar oqimi 15 mlngacha yetishi mumkin. Biroq, bir vaqtning o‘zida bir nechta uchish-qo‘nish yo‘lagidan foydalanish imkonsiz.

Umarxo‘jayev keyingi besh yil ichida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport qurilishiga yuqori talab mavjudligini qayd etdi. Birinchi bosqichda havo porti yiliga 20 mlngacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, 169 ta samolyotni joylashtirish va bir vaqtning o‘zida soatiga 40 dan ortiq uchish-qo‘nishni ta’minlaydi.

Yangi Toshkentda aeroport

2024-yil sentabr oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot bilan suhbatda poytaxtning 13-tumani — Yangi Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishini ma’lum qilgandi.

“Barchasi reja asosida. Hozircha hech kim hech narsa boshlamagan. Tez orada — prezident ma’qullagach boshlanadi. Avval investor topishimiz va u bilan hamma narsani kelishib olishimiz kerak. Loyiha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida [amalga oshiriladi]”, — dedi u.

Transport vaziri o‘rinbosarining qayd etishicha, vaqt o‘tishi bilan yangi operatorlarni jalb qilish, xususiy investitsiyalar va yangi yer uchastkalarini o‘zlashtirish bilan o‘tish ko‘zda tutilmoqda. Yangi aeroport qurilgach, moslashish va sinovdan o‘tkazish davri boshlanadi, bu esa taxminan 2−3 yil davom etadi.

Choriyev o‘sib borayotgan yo‘lovchilar oqimi va talablarni qondirish uchun mavjud aeroportni doimiy ravishda kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Yangi aeroport foydalanishga topshirilgunga qadar mavjudiga investitsiya kiritish, jumladan, perronlar, avtoturargohlar va aerovokzalni kengaytirish davom etadi.

“Biz [yangi aeroport] qurganimizdagina investitsiyalarni to‘xtatamiz. Keyin moslashuv davri boshlanadi. Men investitsiya kiritish va kengaytirishni to‘xtatishni aytgan bo‘lardim. Agar biz [mavjud aeroportni] kengaytirmasak, yomon ahvolga kelib qoladi”, — dedi Jasurbek Choriyev.

Agar 2030-yilgacha yangi aeroport qurilsa, hech bo‘lmaganda 2028−2029-yillarga qadar mavjud aeroportni rivojlantirish va unga sarmoya kiritish kerak, deya qo‘shimcha qildi u. Moslashish davrida yangi aeroportga o‘tish munosabati bilan mavjud aeroportga investitsiyalar to‘xtatiladi.

Prezidentning 2024-yilning 31-avgustdagi qarori bilan Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports”, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligiga sentabr oyida yangi aeroport qurish va boshqaruvini topshirish bo‘yicha strategik tashabbuskorlar bilan muzokaralar o‘tkazish topshirilgan.

Loyihaning dastlabki qiymati $1,5 mlrdni tashkil etib, 2025-yilda loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, xususiy sherikni tanlash rejalashtirilgan. 2026-yilning dekabrigacha esa DXSh bitimini imzolash belgilangan.

“Cross Works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Yangi Toshkent” bosh rejasiga muvofiq, hududda aeroport qurilishi rejalashtirilgan. Iyun oyida hukumat qarori bilan egizak minoralar, ikkita universitet kampusi, davlat idoralari va qirg‘oq joylashgan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlangandi.

Avvalroq Spot Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishini shu yilning sentyabr oyi boshida yakunlash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati Spotga ma’lum qildi.