O‘zbekistonda bir oyda rekord darajada — 1,25 mlrd kVt/soat miqdorida “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning iyul oyida quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 1 mlrd 246 mln kVt/soatga yetdi. Bu oy davomida jami generatsiyaning 17%ini tashkil etadi.
Elektr energiyasining 760,9 mln kVt/soati 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi, 485,4 mln kVt/soati esa 4 ta shamol elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.
Generatsiya natijasida 377,5 mln kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 1,12 mln tonnadan ortiq zararli gazlar chiqishining oldi olindi.
Bundan tashqari, o‘tgan oyda O‘zbekistondagi barcha gidroelektr stansiyalari va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 2,89 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu esa oy davomidagi jami generatsiyaning 27%ini tashkil qiladi.
Natijada 633 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi hamda atmosferaga 1 ,88 mln tonna zararli gazlar chiqarilmadi. Mazkur hajmdagi elektr energiyasi 1,5 mln xonadonning yetti oylik yoki 870 ming xonadonning bir yillik me’yoriy bazasini tashkil qiladi.
Joriy yilning olti oyida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yashil energiya miqdori 5 mlrd kVt/soatga yetdi. So‘nggi yarim yillikda GESlarni hisobga olgan holda yashil generatsiyaning umumiy ulushi 20% dan oshdi.
Avvalroq Spot Senat Toshkentda elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha energetika vaziriga so‘rov yuborgani haqida yozgandi. So‘rovda aholi va tadbirkorlar tomonidan elektr energiyasidagi 3−4 soatlik uzilishlar bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bildirilayotgani qayd etilgan.