O‘zbekistonda qariyb 73 ming kishi ikki oydan kamroq vaqt ichida o‘z ixtiyori bilan kredit olishni taqiqlagan. Bu haqda Spot’ga “Kredit-axborot tahliliy markazi” kredit byurosi ma’lum qildi.
6-iyundan boshlab O‘zbekistonda kredit berishni o‘z-o‘zini taqiqlash xizmati ishga tushdi. Ushbu xizmat yordamida shaxs kredit byurosiga ariza berishi va unga kredit yoki qarz berishni taqiqlashi mumkin.
IIV Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019−2024 yillarda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga oshgan. Kiberjinoyatlardan fuqarolarga yetkazilgan umumiy zarar esa 2021−2024 yillarda 1,9 trln so‘mdan oshgan. O‘tgan yili jami 58,8 mingta huquqbuzarlik sodir etilgan. Shundan 4%i o‘zganing nomiga onlayn kredit rasmiylashtirishga to‘g‘ri kelgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning to‘qqiz oyida fuqarolar nomiga onlayn kreditlarni firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirish bilan bog‘liq 463 ta holat qayd etilgan. Ushbu jinoyatlardan yetkazilgan umumiy zarar qariyb 15 mlrd so‘mni tashkil etgan.
O‘z nomiga kredit rasmiylashtirishni taqiqlash
4-mart kuni Shavkat Mirziyoyev kredit berishni o‘z-o‘zini taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida"gi qonunga jismoniy shaxslar uchun kredit bitimlarini tuzishga taqiqni joriy etish va uni bekor qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi tuzatishlar kiritilmoqda.
O‘z-o‘zini taqiqlash fuqaroning ishtirokisiz yoki xabardorligisiz kreditlarni rasmiylashtirishning oldini olish maqsadida joriy etilishi mumkin. Uni joriy etish yoki bekor qilish uchun bevosita kredit byurosida, davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali ariza berish mumkin bo‘ladi.
Kredit byurosi buyurtmanomani olgandan so‘ng darhol ariza beruvchini kredit bitimlarini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishi kerak. Xizmat bepul ko‘rsatiladi, uni ko‘rsatishning aniq tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Banklar, mikromoliya va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan kredit oluvchining o‘zini o‘zi taqiqlash reyestrida mavjudligi yoki mavjud emasligini tekshirmasdan fuqarolarga kreditlarni rasmiylashtirish taqiqlanadi. Ular jismoniy shaxsning ishtirokisiz yoki xabardorligisiz qarz berishdan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar.
O‘z-o‘zini taqiqlash reyestridagi fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanish bepul amalga oshiriladi.
Spot kredit berishda o‘z-o‘zini taqiqlash nima uchun kerakligini, bu qanday ishlashini va bu bepul xizmatni qanday ulash mumkinligini o‘rgandi.