Raqobat qo‘mitasi TBC Bank Group PLC’ning Billz platformasiga egalik qiluvchi Shoppe Group korxonasining 46,67% ulushlarini sotib olish bo‘yicha arizasini ko‘rib chiqdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Natijada Maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalari asosida mazkur bitimga oldindan rozilik berish haqida qaror qabul qilindi. Shuningdek, bitim yuzasidan raqobatni ta’minlashga qaratilgan talablar qo‘yildi.

Xususan, TBC Bank Group PLC tarkibiga TBC bank va Payme ham kirishidan kelib chiqib, Billz’ning hozirgi va kelgusidagi foydalanuvchilari, bir vaqtning o‘zida TBC Bank va Payme bilan raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchilar uchun xizmatdan foydalanish shartlariga bir tomonlama va asoslanmagan tarzda ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.

Kompaniya Billz orqali to‘planuvchi yoki qayta ishlanuvchi ma’lumotlardan foydalanishda TBC Bank va Payme bilan raqobatda bo‘lgan tijorat tashkilotlarining mijozlariga oid hamda iste’molchilarning shaxsiy yoki tijorat ma’lumotlarini raqobatni cheklash yoki bank va to‘lov tizimining bozordagi mavqeini mustahkamlash maqsadida har qanday shaklda foydalanmaslik yoki oshkor qilmaslik choralarini ta’minlashi zarur.

Shuningdek, “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 18-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 19-bandida nazarda tutilgan harakatlarni har qanday shaklda amalga oshirmaslik va ushbu qonun hamda qaror talablariga to‘liq rioya etish talab qilinadi.

Raqobat qo‘mitasi bitim ishtirokchilari tomonidan mazkur talablarga rioya etilishi majburiy hisoblanishini eslatib o‘tgan.

Joriy yilning iyun oyida TBC Bank Group O‘zbekistonda chakana savdoni avtomatlashtirish yechimlari sohasida ishlaydigan BILLZ SaaS platformasida aksiyalarning nazorat paketini sotib olganini e’lon qildi. Bitim natijasida BILLZ platformasi TBC Uzbekistan ekotizimiga integratsiya qilinadi.

Kompaniya BILLZ aksiyalarining $12 mlngacha bo‘lgan nazorat paketini sotib oladi. Dastlab 53% ulush $9 mlnga xarid qilinadi, shundan so‘ng keyingi 2 yil ichida paket hajmini 60% gacha oshirish rejalashtirilgan. Bitim tugagach BILLZ qiymati $20 mlnni tashkil etishi mumkin.

Avvalroq UzAuto Motors Raqobat qo‘mitasi talabiga binoan avtomobil yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarga bir qator o‘zgartirishlar kiritgani haqida xabar berilgandi.