Hukumat qarori bilan tadbirkorlarga tutash hududlardan mavsumiy foydalanishni tashkil etishni soddalashtirish chora-tadbirlari qabul qilindi.
2025-yilning 1-oktabridan tadbirkorlarga o‘ziga tegishli bino va inshootlarga hamda yer uchastkalariga tutash bo‘lgan, davlat organlari va tashkilotlariga doimiy foydalanishga berilgan yer uchastkalaridan mavsumiy umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun ijaraga beriladi. Bundan sog‘liqni saqlash, ta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tegishli yerlar mustasno.
Shu maqsadda o‘ziga tegishli bo‘lmagan yer uchastkasida norasmiy tarzda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotganlar ro‘yxati quyidagi ikki bosqichda xatlovdan o‘tkaziladi:
- barcha tuman (shahar) lardagi markaziy ko‘chalarda — 1-sentabrgacha;
- qolgan ko‘chalarda — 1-oktabrgacha.
Bu bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda IIV bilan birgalikda chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirildi.
Xatlov natijasida aniqlangan obyektlarning qonuniy faoliyat yuritishi yoki hududning bo‘shatilishi ta’minlanadi.
Joylashtirish sxemasiga muvofiq bo‘lgan tijorat faoliyati obyektlari “dizayn-kod"ga asosan loyihalar tasdiqlangunga qadar faoliyati qonuniylashtirilib, ijara shartnomasi tuzilgan obyektlarda har qanday qo‘shimcha qurilishlar, maydon, fasad va mavjud yengil konstruksiyalarning konstruktiv elementlarini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Aks holda obyektlar buziladi va yangi shartnoma tuzilmaydi.
Joriy yilning 1-oktabridan har yili 1-yanvargacha hokimlar qarori bilan kelgusi yil uchun aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yer uchastkalarida tijorat faoliyati obyektlarini joylashtirish sxemasi tasdiqlanadi.
Ijaraga beruvchi oluvchiga tegishli hududga tutash bo‘lgan yoki undan 5 metrdan ko‘p bo‘lmagan masofadagi bo‘sh maydonlarni auksion savdolarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beradi. Ijara shartnomasi bir kalendar yil uchun tuziladi.
Berilgan yer uchastkalarining har bir kvadrat metri uchun shartnoma muddatidan qat’i nazar yer solig‘i stavkasining uch baravarigacha miqdorida ijara to‘lovi to‘lanadi. Ijara oluvchining zimmasiga vaqtinchalik obyektlarni tegishli hudud uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan “dizayn-kod"ga muvofiq o‘rnatish majburiyati yuklanadi.
Spot iyul oyida o‘rtasida biznes Toshkentdagi yozgi terrasalar demontaj qilinayotgani va ularga tutash hududlardan foydalanish bo‘yicha reglament yo‘qligidan shikoyat qilayotgani haqida yozgan edi.