OpenAI mashhur ChatGPT chatboti uchun yangilanishni chiqardi. O‘zgarishlar neyrotarmoq bilan xavfsiz va qulay muloqot qilishga qaratilgan.

Birinchi o‘zgarish — endi ChatGPT suhbat “cho‘zilganini” va tanaffus qilish vaqti kelganini eslatishi mumkin. Agar foydalanuvchi juda ko‘p savol bersa va bir chatda uzoq vaqt qolsa, bot muloyimlik bilan to‘xtashni so‘raydi.

chatgpt

Ikkinchi o‘zgarish — nozik mavzular bilan ishlashdan voz kechish. Misol uchun, agar foydalanuvchi ChatGPT’ga shaxsiy savollar bersa (“qiz bilan ajrashsammi?”, “agar u shunday qilsa, men unga nima deyishim kerak?”, “agar men bunday bo‘lsam, menda qanday ruhiy jarohat bor?”), chat-bot to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermaydi.

Buning o‘rniga, u foydalanuvchiga “yaxshi” va “yomon” tomonlarini o‘zi taroziga solishni yoki mutaxassisga murojaat qilishni maslahat beradi.

Bundan tashqari, OpenAI ChatGPT’ni foydalanuvchidagi stress va depressiya alomatlarini aniqlashga moslashtirgani haqida ma’lum qilmoqda.

Agar chat-bot biror shubhali holatni sezsa, foydalanuvchining kayfiyati yomonligini aniqlasa yoki tushkunlikka oid suhbatlarga duch kelsa, u foydalanuvchini yanada ishonchliroq yordam manbasiga yo‘naltiradi.

“Biz sizga istagan har qanday yo‘lda rivojlanishingizga ko‘maklashish uchun ChatGPT’ni yaratmoqdamiz. Maqsadimiz taraqqiyotga erishishingiz, yangi bilimlar olishingiz yoki muammolarni hal qilishingiz, so‘ngra haqiqiy hayotga qaytishingizdir. Bizning niyatimiz e’tiboringizni ushlab turish emas, balki undan samarali foydalanishingizga yordam berishdir”, — deyiladi OpenAI xabarida.

Avvalroq ChatGPT botlarni aniqlaydigan tasdiqlash tizimini aldashni o‘rgangani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, sun’iy intellekt endi shaxsiy yordamchi sifatida foydalanuvchi nomidan harakatlarni amalga oshirishi mumkin.