Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishni taqiqlash imkoni yaratildi. Bu haqda portal matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlumot uchun, fuqaro ushbu xizmatni faollashtirgandan so‘ng hech kim uning nomiga kredit rasmiylashtira olmaydi. Xizmatdan my.gov.uz sayti yoki MyGov mobil ilovasi orqali foydalanish mumkin.

Portalda Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish xizmatini tanlab, uni faollashtirish kerak. Xizmat bepul va hech qanday hujjatlarsiz amalga oshiriladi.

Faollashtirilgan taqiq haqidagi ma‘lumotlar Kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritiladi, bu esa banklar va moliyaviy tashkilotlar tomonidan fuqaroga kredit berilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Joriy yilning 6-iyunidan boshlab O‘zbekistonda o‘z-o‘ziga kredit berishni taqiqlash xizmati ishga tushdi. Undan Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi saytidan bepul foydalanish mumkin.

Xizmat yordamida shaxs kredit byurosiga ariza berishi va unga kredit yoki qarz berishni taqiqlashi mumkin. Ikki oydan kamroq vaqt ichida qariyb 73 ming kishi o‘z ixtiyori bilan kredit olishni taqiqlagan.

Spot fuqarolar o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishiga onlayn taqiq qo‘yish bo‘yicha xizmat nima uchun kerakligi, shuningdek, xizmatdan qanday foydalanish mumkinligi haqidagi qo‘llanmani taqdim etgandi.

Bundan tashqari, hozirda kredit byurosi orqali kredit tarixi o‘rganilishini cheklab qo‘yish mumkin. Xizmat orqali fuqarolar o‘zlariga tegishli kredit tarixi ma’lumotlarini olinishini taqiqlab qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.

IIV Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019−2024 yillarda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga oshgan. Kiberjinoyatlardan fuqarolarga yetkazilgan umumiy zarar esa 2021−2024 yillarda 1,9 trln so‘mdan oshgan. O‘tgan yili jami 58,8 mingta huquqbuzarlik sodir etilgan. Shundan 4%i o‘zganing nomiga onlayn kredit rasmiylashtirishga to‘g‘ri kelgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning to‘qqiz oyida fuqarolar nomiga onlayn kreditlarni firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirish bilan bog‘liq 463 ta holat qayd etilgan. Ushbu jinoyatlardan yetkazilgan umumiy zarar qariyb 15 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Avvalroq MyGov ilovasida ayrim hujjatlarning elektron shakllari joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Ularni banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida, shuningdek, davlat va korporativ xizmatlardan foydalanishda qog‘oz shaklining o‘rniga taqdim etish mumkin.