Deputatlar O‘zbekistonda “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini muhokama qilishni boshladi. Bu haqda bir nechta partiya matbuot xizmatlari xabar berdi.
“Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi aʼzolari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Tashabbuskorlarga ko‘ra, qonunning maqsadi shaharsozlik hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan hududni meʼmoriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan yaxshilash borasida munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Loyiha renovatsiyaning maqsadi, prinsiplari, bosqichlari, ijro tartibi va davlat boshqaruvi mexanizmlarini belgilaydi. Foydalanishga yaroqsiz, eskirgan ko‘p qavatli uy-joylar o‘rniga yangilarini qurish huhudlar obod bo‘lishi, ko‘chalar ko‘rkamlashishi hamda aholini uy-joy bilan ta’minlashni tezlashtirishi qayd etildi.
“Eng asosiysi renovatsiya dasturi loyihasi renovatsiyaga tushadigan uy-joy mulkdorlarining roziligiga asoslanishi hamda keng jamoatchilik muhokamalaridan o‘tkazilishi shart”, deyiladi xabarda.
Xalq demokratik partiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda mamlakatda mavjud 42 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uylarning (1,4 mln xonadon) 31 mingi 1991-yilgacha qurilgan, 17 mingdan ortig‘i esa 2−3 qavatdan iborat. Ularning zilzilaga bardoshliligi, zamonaviy ijtimoiy infratuzilma talablariga va ekologik standartlarga javob berishi muammoli masala hisoblanadi.
Uy joyga bo‘lgan talabni qondirish uchun shahar hududini kengaytirib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda ham uy-joy qurish hozirgi mavjud infratuzilmaviy holatga katta salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi. Bu hududi katta shaharlarni energetik ta’minot va kommunikativ bog‘lamlar bilan ulash, ekin ekishga mo‘ljallangan yer zaxiralarning keskin kamayishiga olib keladi.
Fraksiya a‘zosi Dilbar Mamajonova uyi renovatsiyaga tushgan fuqarolar yangi uy qurilib bo‘lguncha ijarada turishi, ijara xarajatlari kimning bo‘yniga tushishi borasida mas‘ullarga savol bilan yuzlandi. Qonun loyihasi uyi renovatsiyaga tushgan mulkdorlarga bir qator kafolatlarni taqdim etadi.
Fuqaro yashaydigan ko‘p kvartirali uy renovatsiyaga tushsa, quruvchi ikki yil ichida yangi uyni qurish, eski uyning hajmidan kam bo‘lmagan va ta‘mirlangan xonadonning pastki qavatdan fuqaroga xonadon berish majburiyatini oladi. Bundan tashqari, developer yangi uy qurilguncha fuqaro ijarada yashab turadigan uyning ijara pulini ham qoplab beradi.
Loyihada turar va noturar joy mulkdorlariga “adolatli” kompensatsiya berish tizimi nazarda tutilmoqda. Bu yangi quriladigan turar va noturar joy obyektidan yoki boshqa joydan mulk ko‘rinishida berish yoxud turar va noturar joyning bozor qiymatida pul mablag‘larini ajratishni belgilaydi.
Deputat Sayyora Imamova renovatsiya loyihasining qurilishi to‘xtab qolmasligiga kafolat bormi, degan savolni o‘rtaga tashladi. Tashabbuskorlar qurilish yakunlanmay qolsa, u Shaharsozlik renovatsiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkazilib, yangi investor jalb etish orqali qurilish nihoyasiga yetkazilishini ma’lum qildilar. “Boshlangan loyiha to‘xtab qolmasligi davlat tomonidan to‘liq kafolatlanadi”.
Renovatsiya doirasida qurilish muddati qonun bilan 2 yil etib belgilanmoqda. Agar quruvchi bu vaqt ichida qurilishni yakunlamasa, kechikkan har bir kun uchun mulkdorlarga mulk qiymatining 0,5%i miqdorida penya to‘laydi.
Shuningdek, renovatsiya hududining kamida to‘rtdan bir qismi yashil maydonlardan iborat bo‘lishi kerak.
Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi, deputat Javlon Abdullayev seysmik jihatdan zaif, eskirgan va foydalanishga yaroqsiz past qavatli binolarni renovatsiya qilishning huquqiy asoslarini yaratish quriladigan uy-joylarning kamida 5−7% qismini renovatsiya hisobiga amalga oshirish imkonini berishini ta’kidladi. Natijada, taxminan 20 ming gektar yer tejalib, 4,5 mln kishi uy-joy bilan ta‘minlanadi.
Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan renovatsiyada ishtirok etish majburiy emasligi nazarda tutilmoqda, bunda har bir huquq egasi bilan notarial shartnoma tuzish talab etiladi.
“Qandaydir qurilishga rozilik berish uchun aholi va ularning kamida beshdan to‘rt qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligini olish shart. Hujjatda mulk daxlsizligi, fuqarolarni sud qarori bo‘lmasdan uyidan chiqarish mumkin emasligi, barcha tushunmovchiliklar va nomuayyanliklar fuqarolar manfaatini hisobga olgan holda hal qilinishi qat‘iy belgilab qo‘yilgan”, — dedi Abdullayev .
Renovatsiya rejalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Elektron platforma va OAV orqali fuqarolarga fikr bildirish imkoniyati yaratilib, qurilish va rekonstruksiya jarayonlari onlayn kuzatilishi ta’minlanadi. Ekologiyaga zarar yetkazmaslik esa loyihaning asosiy talablaridan biri hisoblanadi.
Aprel oyida prezidentga “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi taqdim etilib, unda bu kabi dasturlarni 3 bosqichda amalga oshirish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Bu renovatsiyaga mos hududni tanlash, qurilish tashkilotini aniqlash hamda uy-joylar qurilishini nazarda tutadi. Tashabbuskorlar mulkdorlarga yangi uy-joy yoki kompensatsiya berishi kerak bo‘ladi.
Dastlabki boshqichda renovatsiya bo‘yicha bir nechta pilot loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun fuqarolar va hokimliklar ishtirokida direksiya tashkil etiladi. Adliya vaziri Akbar Toshqulov qonun loyihasi ishlab chiqilgungacha uy-joylarni renovatsiya qilish sohasida “huquqiy bo‘shliq” bo‘lgani, loyihalarni kelishish bo‘yicha aholi, tadbirkorlar va investorlar o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga kelganini ta’kidladi.
Iyul oyida Qurilish vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva qonun loyihasi Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Biroq, u fuqarolar bilan uylar narxini kelishishda muammolar bo‘layotganini qayd etdi.
“Ikki qavatli eskirgan uylarda yashovchi aholi o‘z uylarining narxini qimmat baholashmoqda. Investorlar aholi bilan narxlarni kelishishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda”, — dedi Ozoda Jo‘rayeva Spot bilan suhbatda.
Renovatsiya
2024-yilning fevral oyi oxirida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtda 500 gektar hudud rekonstruksiya qilinayotgani, uzoq muddatga mo‘ljallangan ikki qavatli uylar va Sergelida vaqtinchalik uylar joylashganini ma’lum qildi.
Aprel oyida prezidentning ipoteka kreditlash to‘g‘risidagi qarori bilan Adliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralarga xorijiy tajribani o‘rganib, hukumatga renovatsiya to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini iyulgacha kiritish topshirildi.
Shayxontohur tumani, Olim Xo‘jayev mahallasida boshlangan renovatsiya loyihasi misolida har bir hududda bittadan renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bunda hududlarda renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan massivlar tanlanib, manzilli dastur tasdiqlanadi.
Iyul oyida “Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Avgustda poytaxt hokimi Toshkentning oltita tumanida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi qarorni imzoladi.
“Adolat” va “O‘zLiDep” siyosiy partiyalari ushbu qarorni tanqid qilib, renovatsiya uchun huquqiy asos yo‘qligini ta’kidladi. Parlament a’zolari renovatsiya uchun mavjud turar-joy binolarini buzish zarurligini ta’kidladilar. Undan keyin hokimlik renovatsiya loyihasi faqat aholi roziligi bilan amalga oshirilishini bildirdi.
Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishib, unda Toshkent konservatsiya, rekonstruksiya hamda renovatsiya zonalariga ajratilishi ma’lum qilindi.
Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan davlat rahbari farmoni bilan 1-martdan renovatsiya asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo etishning yangi tartibi joriy etilishi belgilangan. Xususan, renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi.
Avvalroq Spot hukumatga qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborilgani haqida yozgan edi. Senatorlar ko‘p qavatli uylarga yaqin joylarda o‘zboshimcha qurilishlarni oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar yetarli emasligini ta’kidladi.