O‘zbekistonda Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxona sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlarida keltirilgan.

Unga ko‘ra, Sea Breeze Uzbekistan kompaniyasi hukumat qarori qabul qilingan kundan uch kun o‘tgach — 4-avgust kuni ro‘yxatga olingan. Manzili — Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani. Ustav fondi 400 mln so‘m bo‘lgan kompaniya noturar joy binolari qurilishini amalga oshiradi.

Qo‘shma korxona ta’sischilari har biri 50% ulush bilan Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi hamda Maxmudov Ulug‘bek Abdurasulovich hisoblanadi. Direktori sifatida esa Xamidov Sardor Sandjarovich ko‘rsatilgan.

Ulug‘bek Maxmudov bunga qadar O‘zbekoziqovqatzaxira uyushmasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Shuningdek, u Sunshine Invest (0,53%), New Time-Projects (100%), Breeze Development (50%) kompaniyalarida ulushlarga ega.

agalarov development, chorvoq, sea breeze uzbekistan

O‘z navbatida, Breeze Development qo‘shma korxonasi 3-iyun kuni ro‘yxatdan o‘tgan, biroq 27-iyul kuni qayta ro‘yxatga olingan. Kompaniyaning ustav fondi 400 mln so‘mni tashkil etib, asosiy faoliyat turi turar-joy binolarini qurish hisoblanadi. Ta’sischilar — Agalarov Development va Maxmudov Ulug‘bek Abdurasulovich (har biri 50% dan), direktor — Sultanxodjayev Nabi Xabibulloyevich, u ilgari O‘zinterimpeks boshqaruvi a’zosi bo‘lgan.

Breeze Development kompaniyasining ro‘yxatdan o‘tgan to‘liq yuridik manzili Shahrisabz ko‘chasida joylashgan Sea Breeze Uzbekistan savdo ofisi bilan bir xil — Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik mahallasi, S-2, Oloy dahasi, 5-uy.

agalarov development, chorvoq, sea breeze uzbekistan

Iyul oyida Spot Agalarov Development Toshkentda Sea Breeze savdo ofisini ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi. Agalarov Residence savdo ofisi Sea Breeze brendiga tegishli obyektlarni sotish vakolatiga ega bo‘ladi.

Sea Breeze Uzbekistan

2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.

Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Emin Agalarov markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.

Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.

Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. “Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi u.

Joriy yilning iyun oyida IV Toshkent Xalqaro investitsiya forumi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Agalarov Development kompaniyasi o‘rtasida qiymati $5 mlrdlik kelishuv imzoladi.

Undan keyin Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilishi bilan bog‘liq ekologik xatarlarga izoh berib, Chorvoqning hozirgi holati saqlanib qolinishini qayd etgandi. “Ekologiya bizning ustuvor vazifamizdir. Hamma joyda tozalash inshootlari bo‘lishi, suvga ortiqcha hech narsa tashlanmasligi kerak. O‘zbekiston aholisi va sayyohlar foydalana oladigan turistik hudud yaratamiz”, — degandi u.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Emin Agalarov prezidentga Chorvoq suv omboridagi Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.

Avvalroq Toshkentdan Chorvoqqa yangi avtomobil yo‘li qurilishi haqida xabar berilgandi. Transport vazirining aytishicha, loyiha hozirgi mavjud yo‘lga teginmagan holda amalga oshiriladi.