Uzum raqamli ekotizimi Xitoyning Tencent Holdings Ltd. kompaniyasi va VR Capital xalqaro investitsiya fondidan qariyb $70 mln jalb qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.
Natijada, ekotizim Tencent’ning O‘zbekistondagi kompaniyaga kiritgan birinchi texnologik sarmoyasi bo‘ldi. Uzum mablag‘larni jalb qilgandan so‘ng, yakuniy bahosi taxminan $1,5 mlrdi tashkil etdi.
Jalb etilgan mablag‘lar ekotizimning o‘z fintex infratuzilmasini, shuningdek, raqamli e-commerce yechimlarini rivojlantirish, mahsulot liniyasini kengaytirish, mamlakatning onlayn savdo va fintech bozorida Uzum yetakchiligini mustahkamlashga yo‘naltiriladi.
“Birinchi yarim yillikda Uzum elektron tijoratining butun segmenti aylanmasi 1,5 baravar oshdi”, — dedi Uzum asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayev. Uning qayd etishicha, Uzum Bank kartalari foydalanuvchilari 2 mlndan ortiqni tashkil etadi. Uzum Tezkor yetkazib berish servisi 25 ta shaharda taqdim etilgan.
2024-yilning martida Uzum raqamli ekotizimiga $100 mlnlik xorijiy sarmoya jalb etildi. Bu orqali Uzum $1 mlrddan ortiq qiymatga ega bo‘lgan birinchi mahalliy texnologik yakkashox kompaniya bo‘ldi.
Avvalroq Spot Microsoft kapitalizatsiyasi $4 trln bo‘lgan ikkinchi kompaniyaga aylangani haqida yozgandi. O‘sish kuchli choraklik hisobot va sun’iy intellektga rekord darajadagi investitsiyalar prognozi e’lon qilinishi fonida sodir bo‘ldi.