O‘zbekiston Xitoy kompaniyasi bilan qimmatbaho va muhim minerallarni qazib olish ishlarini amalga oshiradi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya vakillari Xitoyga tashrif davomida mamlakatning China National Gold Group kompaniyasi bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuv davomida tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov CNGG rahbariyati bilan anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda chuqurlashtirishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, vazirlik hamda kompaniya qimmatbaho va muhim minerallar yo‘nalishida geologiya qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Shuningdek, tomonlar konlarni o‘zlashtirish, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, texnologiyalar transferi, kadrlar tayyorlash, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish yo‘nalishlarida ham birgalikda ish olib boradi.
Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni China General Nuclear Power raisi Yan Chanli bilan o‘tkazgan uchrashuvida geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va yangi konlarni o‘zlashtirish yuzasidan fikr almashgandi.
Avvalroq Spot NKMK yarim yilda mahsulot ishlab chiqarishni 44% ga, oltin qazib olishni esa 1,4% ga oshirgani haqida yozgan edi. Joriy yilning dastlabki olti oyida mahsulot ishlab chiqarish qiymati 60 trln so‘mdan oshdi, oltin qazib olish hajmi 1,53 mln troy unsiyani tashkil etdi.