Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovga issiqxona xo‘jaliklari rivoji va bu yo‘nalishda uchrayotgan tizimli muammolar yuzasidan so‘rov yubordi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
So‘rovda issiqxona xo‘jaliklarini moliyalashtirishda barqaror mexanizmlarning yetishmasligi, gaz, elektr va suv taʼminotidagi uzilishlar hamda yuqori foizli kreditlar tufayli ayrim xo‘jaliklarning bank balansiga o‘tib ketayotgani haqida so‘z yuritilgan.
2025-yilning may oyi holatiga ko‘ra, 120 gektardan ortiq issiqxona banklar balansiga o‘tgan. Bu esa ish o‘rinlarining qisqarishi va iqtisodiy samaradorlikning pasayishiga olib kelgan.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifatini nazorat qilish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ilmiy asoslangan agrotexnologiyalardan samarali foydalanish, fermer va tadbirkorlarni urug‘chilik, agrokimyo xizmatlari bilan taʼminlash mexanizmlarini kuchaytirish zarurligiga eʼtibor qaratilgan.
Yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan vazirlikdan quyidagilar so‘ralgan:
- 2020−2024-yillarda tashkil etilgan issiqxona xo‘jaliklari soni va holati;
- sohani moliyalashtirishda amaldagi mexanizm;
- tabiiy resurslar bilan barqaror taʼminlashdagi muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar;
- ilmiy yondashuvlar va innovatsion yechimlarni joriy etish holati;
- eksport salohiyatini oshirish hamda moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan ishlar bo‘yicha tahliliy va asoslangan yozma maʼlumot.
Iyul oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda issiqxonalarni aylanma mablag‘ bilan ta‘minlash uchun oktabr-mart oylarida ularga gaz narxining 50%i miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirishga ruxsat berilishi aytilgan edi.
Ular toifasidan qat’i nazar, yer solig‘ini qishloq xo‘jaligi yerlari uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘laydi. 2028-yilgacha issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq 1%gacha pasaytiriladi.
Undan keyin Soliq qo‘mitasi issiqxonalarni gaz bilan ta’minlash bo‘yicha to‘rtta ishchi guruh tuzdi. Bunda issiqxonalar haqida ma’lumot beruvchi elektron platforma yaratilib, unga gaz hisoblagichlaridagi ma’lumotlar integratsiya qilinadi.
Ishchi guruh tomonidan 2,6 mingdan ortiq issiqxonalarning 449,7 mlrd so‘mlik soliq to‘lovlari 2026-yilgacha uzaytirildi. Bundan tashqari, 8,7 ming gektar yerni sanoat toifasidan qishloq xo‘jaligi toifasiga o‘tkazish issiqxonalarga 48,8 mlrd so‘m mablag‘ni tejash imkonini beradi.
Avvalroq Soliq qo‘mitasi raisiga ERI bilan bog‘liq holatlar yuzasidan deputat so‘rovi yuborilgani haqida xabar berilgandi. Deputat so‘rov orqali sohani takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar kiritgan.