Avvalroq Spot Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilingani haqida yozgandi.
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffar Rahimjonov Chorvoqdagi Sea Breeze loyihasi bo‘yicha yuzaga kelgan savollarga javoblar berdi.
Taʼkidlanishicha, Chorvoqda loyihani shoshib qurish emas, balki yuqori darajada, ya‘ni maktablar, shifoxonalar, oqova suv tizimlari, bog‘lar yaratib, yangi ish o‘rinlari tashkil qilish orqali amalga oshira oladigan kuchli investor kerak edi.
Agalarov Development kompaniyasi $5 mlrd miqdorida investitsiya, ijtimoiy infratuzilma obyektlar qurilishi, ekologik yechimlar va loyihani davlat nazorati ostida bosqichma-bosqich amalga oshirishni taklif qilgan.
Muzaffar Rahimjonov nima uchun loyiha bitta investorga topshirilganini, loyihada yagona arxitektura, yirik kanalizatsiya tizimi, avtomobil yo‘llari, ko‘kalamzorlashtirish tizimi hamda mas’uliyat bo‘lishi bilan izohladi.
“Agar yer bir nechta quruvchilarga bo‘lib berilganida, ziddiyat, tartibsizlik va nazoratning imkonsizligi yuzaga kelgan bo‘lardi”, — dedi u. Bunga misol sifatida Saudiya Arabistonidagi The Red Sea Project ham ekologiya va yagona yondashuvni saqlab qolish maqsadida yagona developerga topshirilgani ko‘rsatilgan.
Vazirlikka ko‘ra, loyiha to‘liq xususiy mablag‘lar asosida amalga oshirilmoqda. Davlat budjetidan mablag‘ sarflanmaydi. Barcha moliyaviy xatarlar esa investor zimmasida.
“Kreditlar tijorat asosida olinadi, davlat qarzining ortishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Shu bilan birga, davlat loyihaning barcha bosqichlarida — ekologik me‘yorlarga amal qilinishidan tortib, moliyaviy shaffoflik va ijtimoiy samaragacha qattiq nazoratni saqlab qoladi”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Bunga Gretsiyadagi Sani Resort misol sifatida ko‘rsatilib, mazkur loyiha qurilishida byudjetdan bir tiyin ham sarflanmagani, lekin mamlakat iqtisodiyoti uchun katta foyda keltirgani aytilgan.
ISSV ijara qiymati borasidagi e’tirozlarga to‘xtalib, ijara to‘lovi investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida “ramziy darajagacha kamaytirilgani"ni qayd etdi. Buning evaziga investor yer ijarasining bozor qiymatidan “ancha yuqori” — $240 mln miqdorida infratuzilma to‘lovi to‘laydi.
“Mazkur to‘lov Toshkent viloyatida birinchi marta joriy qilinmoqda. Bu mablag‘lar kanalizatsiya, yo‘llar, ko‘priklar va tozalash inshootlarini qurishga yo‘naltiriladi. Ortib qoladigan $100 mln hudud infratuzilmasining keyingi rivojlanish va modernizatsiyaga sarflanadi”, deyiladi xabarda.
Vazirlik yerlarni qayta sotish xusususidagi savolga “yo‘q” deya javob bergan. Taʼkidlanishicha, yer davlat tasarrufida qoladi. Qayta ijaraga berish faqat loyiha konsepsiyasiga muvofiq qurilishni amalga oshirish uchun qo‘llanilishi mumkin. Masalan, xalqaro mehmonxonalar va boshqa obyektlarni qurishda. Shartlar buzilsa, shartnoma bekor qilinadi va yer davlatga qaytariladi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi “Nega obyektlarni bir vaqtning o‘zida loyihalashtirgan holda qurilishga ruxsat berildi?”, degan savolga javob berish uchun qonunchilikka yuzlanar ekan, ayrim hollarda hukumat tomonidan parallel loyihalashga ruxsat berilishi ko‘zda tutilganini qayd etdi.
“Qaror hukumat tomonidan qat‘iy nazorat sharti bilan qabul qilingan. Bunda loyihani Bosh prokuratura nazorat qiladi, Bosh vazir o‘rinbosari raisligida idoralararo guruh tashkil etiladi”, — dedi Rahimjonov.
Vazirlik, hukumat qarorida aytilgani kabi, Chorvoqqa oqova suvlarini oqizish qat‘iy taqiqlanishini aytib o‘tgan. Investor o‘z hisobidan kanalizatsiya tizimini quradi. Hududning kanalizatsiya tizimi Chirchiqdagi tozalash inshootlariga ulanadi. Bu tizim yaqin atrofdagi hududlar uchun ham infratuzilma imkoniyatlarini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Shuningdek, ko‘chatlar ekiladi, energiya tejamkor texnologiyalar joriy qilinadi, ekologik nazorat har bir bosqichda olib boriladi. Bunga Albaniyada shunga o‘xshash loyiha nafaqat zarar yetkazmagani, balki hududning ekologik holatini yaxshilagani misol sifatida keltirilgan.
Yo‘llar va kommunikatsiyalarni davlat qurishi borasidagi savolga umumiy foydalanishdagi infratuzilma obyektlari — ko‘prik va yo‘llar — odatda davlat hisobidan qurilishi, chunki ulardan nafaqat turistlar, balki mahalliy aholi ham foydalanilishi ta’kidlanadi. Bu xarajatlar $240 mln infratuzilma to‘lovi hisobidan qoplanadi.
Avvalroq Spot Toshkent viloyati hokimligi mazkur kurort majmuasi qurilishi yuzasidan rasmiy bayonot bergani haqida yozgandi.