Raqobat qo‘mitasi tomonidan Uzum Market’ga nisbatan insofsiz raqobat holatlarini sodir etgan YandexGo UB’ga tegishli choralar ko‘rildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning iyun oyida Uzum Market murojaati asosida YandexGo UB’ga nisbatan ish qo‘zg‘atilgandi. Murojaatda Yandex Market reklamasi orqali YandexGo UB Uzum Market’ga nisbatan insofsiz raqobat harakatlarini amalga oshirib, “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzayotganligi, iste’molchilarni chalg‘itayotganligi hamda Uzum Market’ning ishchanlik obro‘siga putur yetkazayotganligi ma’lum qilinib, chora ko‘rish so‘ralgan.
Maxsus komissiya tomonidan ishni ko‘rib chiqish natijasida quyidagilar aniqlandi:
- YandexGo UB reklamasidagi aktrisaning binafsha rangli ko‘ylagi va rolikning dastlabki kadrlari Uzum Market’ning avvalgi videolaridagi obrazlarga vizual va konseptual jihatdan o‘xshashligi;
- reklama roligidagi bosh qahramonning uzum dastasini ko‘tarib “a, bu marketmi?!” deb berilgan savolidan so‘ng, yon-atrofdagi reklama ishtirokchilarining bosh qahramonning savoliga nisbatan salbiy holatdagi munosabati (reaksiyasi);
- rolik ishtirokchisining “ajoyib market” deganidan so‘ng, bosh qahramonning uzum dastasini ko‘tarib “a, bu marketmi?!” degan savoli orqali tomoshabinda Uzum Market haqida so‘z borayotganligi" haqida taassurot uyg‘otilganligi. Shundan so‘ng, aktrisaning “yo‘q, bu boshqa market” degan javobi orqali Yandex Market ustunligi haqida ishora qilinganligi.
Yuqoridagi holatlar orqali YandexGo UB “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 21-moddasida nazarda tutilgan noto‘g‘ri taqqoslash, ya’ni raqobatchi xo‘jalik yurituvchini yoki uning tovarini tovarning ustunligi haqida tasavvur hosil qiluvchi so‘zlardan yoki ramzlardan tovarning xolisona tasdiqqa ega bo‘lgan tavsifini yoki taqqoslash parametrlarini ko‘rsatmagan holda foydalanib taqqoslashni amalga oshirgan deb topilgan.
Shu bilan birga, Uzum Market tomonidan Maxsus komissiyaga raqobatni cheklashga olib kelgan harakat bozor ishtirokchilari, iste’molchilarga bevosita moddiy zarar yetkazilganligi to‘g‘risidagi asosli dalillar va hujjatlar taqdim etmaganligi bois, Maxsus komissiya holatni iqtisodiy jihatdan past ta’sirli deb baholadi va moliyaviy sanksiyalarni sud tartibida qo‘llashni lozim deb topmadi.
Yuqorida aniqlangan qonunbuzilish holatiga muvofiq, YandexGo UB’ga nisbatan quyidagilar bo‘yicha ko‘rsatma berildi:
- Yandex Market’ga oid mazkur reklama roligini ommaviy axborot vositalaridan olib tashlash orqali qonunbuzilish holatini bir oy muddatda bartaraf etish;
- reklama roligini OAVdan olib tashlagani haqida tasdiqlovchi hujjatlarni joriy yilning 14-avgustigacha qo‘mitaga taqdim etish.
Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiya qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligini eslatgan.
Nima bo‘lgandi?
Yandex Market bo‘yicha reklama roligi joriy yilning 8-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan, biroq Uzum shikoyati haqidagi ma’lumot 12-iyun kuni ma’lum bo‘ldi.
Uzum bunday usul insofsiz raqobat harakatlarini ketirib chiqarayotganini hamda ishchanlik obro‘siga putur yetkazayotganligini qayd etgan. Kompaniya Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga shikoyat kiritdi. Qo‘mita YandexGo UB’ga nisbatan insofsiz raqobat alomatlari bo‘yicha rasmiy ish qo‘zg‘atgan.
Bunga “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 21-moddasi asos bo‘ldi, unga ko‘ra raqobatchini obro‘sizlantirishga olib keluvchi harakatlar, tovar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni noto‘g‘ri taqqoslash va iste’molchilarni chalg‘itish taqiqlanadi. Qo‘mita maxsus komissiyasi hozircha tafsilotlari oshkor etilmagan ishni ko‘rib chiqishga kirishdi.
Uzum ham bunga javoban videorolik e’lon qildi. Unda ikki qo‘shnining bir-biriga nisbatan raqobatli munosabati tasvirlangan — biri Uzum ranglarida, ikkinchisi esa Yandex uslubida. Syujet mahalliy va xorijdan kelgan fuqaro o‘rtasidagi qarama-qarshilikka asoslangan bo‘lib, unda milliy marketpleys iste’molchiga yaqinroq va tushunarliroq ekanligiga urg‘u berilgan.
Spot ikkala tomon — YandexGo UB va Uzum Market matbuot xizmatlariga holat yuzasidan so‘rov yuborgandi, biroq xabar e’lon qilingan vaqtda hech qanday izoh olinmadi.
Uzum shikoyati haqidagi xabarlar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalar boshlandi. Foydalanuvchilar reklamada qo‘llanilgan usulning o‘rinli yoki o‘rinli emasligi haqida qarama-qarshi fikrlarni bildirishdi. Ayrim brendlar, shuningdek, vaziyatga munosabat bildirib, mojaroga ishora qiluvchi xabarlarni e’lon qildilar va bundan o‘z kommunikatsiyalarida foydalandilar.
Spot PR-mutaxassislari va huquqshunoslarga murojaat qilib, reklamada raqobatchilarga ishora qilish qanchalik to‘g‘riligi va brendlar bunday vaziyatda qanday oqilona javob berishi kerakligini muhokama qildi.
Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi TBC Bank Groupga Billz operatorining 46,67% ulushini sotib olishga rozilik bergani haqida yozgandi. Kompaniyaga bitim yuzasidan raqobatni ta’minlashga qaratilgan talablar qo‘yildi.