Donald Tramp yaqin kunlarda Apple’ning AQShda ishlab chiqarishga yana $100 mlrd sarmoya kiritishini e’lon qiladi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Bu nafaqat yig‘ish, balki asosiy qismlarni ishlab chiqarishni ham o‘z ichiga oladi. Tramp bu bayonotni Oq uyda kompaniya bosh direktori Tim Kuk ishtirokida qiladi.

Apple allaqachon AQShga to‘rt yil ichida $500 mlrd sarmoya kiritishga va’da bergan. Yangi $100 mlrd shu summaga qo‘shiladi.

Biroq, kompaniyaning ishlab chiqarish hajmi shunchalik kattaki, hatto bu umumiy summa ham uni to‘liq AQShga ko‘chirishni nazarda tutmaydi.

Hozirda AQShda sotilayotgan iPhone’larning aksariyati Hindistondan import qilinmoqda. Tramp Hindiston bilan bojxona to‘lovlari va Rossiya neftini xarid qilish masalasida ziddiyatga kirishgan.

Savdolar ochilishida Apple aksiyalari qiymati 3% dan ko‘proqqa oshdi. Endi investorlar kompaniyaning ishlab chiqarish zanjirlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha jiddiy ishlar olib borayotganiga ishonch hosil qilmoqdalar.

Hozircha Kuk yaxshi munosabatlarga ega bo‘lgan AQSh ma’muriyatidan bojxona to‘lovlaridan istisno qilishni so‘ramoqda.

Ishlab chiqarishni ko‘chirish kompaniya smartfonlari narxiga qanday ta’sir ko‘rsatishi noma’lum. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, gipotetik to‘liq Amerika iPhone’ining “hozir” narxi $3000 dan oshishi kerak.


Avvalroq Spot Apple yashirincha tarzda ChatGPTga raqobatchi yaratayotgani haqida yozgandi.

Kompaniya tashkil etgan jamoa savollarga javob berish uchun internetni skanerlash imkoniyatiga ega “javob mexanizmi"ni ishlab chiqadi.