Iyul oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi biroz o‘sdi. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.

1-avgust holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati $48,74 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan $193,7 mlnga yoki 0,4% ga ko‘p.

Oltin zaxiralari bir oyda $265 mlnga oshib, $38,68 mlrdga yetdi hamda qiymat jihatidan rekord yangilandi. Uning fizik hajmi esa o‘zgarishsiz — 11,7 mln troy unsiya (363,05 tonna) bo‘lib qoldi.

O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $366,3 mlnga — $8,85 mlrddan $8,48 mlrdga kamaydi. Boshqa mamlakatlar markaziy banklari va XVJdagi hisob raqamlaridagi valyuta zaxiralari miqdori $1,056 mlrd hamda xorijiy banklarda $7,42 mlrdni tashkil etdi.

Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan xarid qilingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati $300 mlndan ko‘proqqa yoki 42,7% ga oshib, $1,01 mlrdga yetdi. Natijada aksiya va obligatsiyalarning oltin-valyuta zaxiralaridagi ulushi 2% dan yuqoriga ko‘tarildi.

Avvalroq Spot iyun oyida O‘zbekiston dunyoning eng yirik oltin xaridori bo‘lgani haqida yozgandi. 9 tonna sotib olinganiga qaramay, mamlakat yil boshidan beri qimmatbaho metallarning jahon miqyosidagi asosiy sotuvchisi bo‘lib qolmoqda.