Hukumat qarori bilan, tuman (shahar)larda iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi drayver loyihalarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish uchun Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman (shahar)lar hokimliklari masʼul tashkilotlar hisoblanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa loyihalar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoringini yuritish uchun masʼul bo‘ladi.

Qaror bilan, drayver loyiha deganda hududning zaxira va imkoniyatlarini hisobga olgan holda, maʼlum iqtisodiy o‘sishni, o‘zgarishni yoki harakatlantiruvchi omilni yuzaga keltiradigan sanoat, xizmatlar ko‘rsatish sohalari va qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga turtki beradigan loyihalar tushunilishi belgilandi.

Nizomda drayver loyiha amalga oshiriladigan sohalar va yo‘nalishlar ham belgilangan. Jumladan, tuman markazi va unga tutash hududlardan oqib o‘tuvchi suv havzalari bo‘ylarida, tabiiy va sunʼiy ko‘llar qirg‘oqlarida sohilbo‘yi turizm va dam olish maskanlari barpo etiladi.

Shuningdek, aholi gavjum joylarda savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi zamonaviy ko‘chalar tashkil etiladi. Yuqori daromadli kasblarga va xorijiy tillarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, renovatsiya asosida eski uylar o‘rnida pastki qavatlarida xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan ko‘p qavatli zamonaviy turar va noturar joy binolarini barpo etish uchun infratuzilma yaratiladi.

Drayver loyihalar har yili 1-noyabrga qadar hokimliklar tomonidan ishlab chiqiladi.

Qaror bilan, qanday holatlarda drayver loyihalar istiqbolsiz deb topilishi ham belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra:

  • loyihani amalga oshirish uchun tanlangan yer maydonlari hamda bino va inshootlardan foydalanish imkoniyati bo‘lmaganda;
  • loyihani amalga oshirish uchun tashabbuskorlar aniqlanmaganda;
  • loyiha taklifidagi aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha ko‘rsatkichlar amalga oshiriladigan tadbirlarga nomuvofiq bo‘lganda;
  • loyiha bilan bog‘liq oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan fors-major holatlar yuzaga kelganda.

Loyihalarni amalga oshirishda mablag‘lar quyidagi manbalardan moliyalashtiriladi:

  • respublika budjetida ko‘zda tutilgan mablag‘lar;
  • mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari mablag‘lari;
  • xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
  • qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Avvalroq Spot Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilingani haqida yozgandi.