Kia AQShda yangi chaqirib olish kampaniyasini boshlaydi, uning doirasida 200 mingdan ortiq avtomobillari chaqirib olinadi.

AQSh Yo‘l harakati xavfsizligi milliy boshqarmasi (NHTSA) xabar berishicha, eshiklarning yaroqsiz qoliplari chaqirib olishga sabab bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yil oktabridan 2024-yil sentabrigacha ishlab chiqarilgan Kia Telluride krossoverlaridan AQShda jami 201 149 tasi chaqirib olinadi.

Ishlab chiqaruvchining aniqlashicha, ushbu avtomobillarda vaqt o‘tishi bilan eshiklar tashqi qolipining old qismi zaiflashishi va harakatlanish paytida ajralib chiqishi mumkin.

Chaqirib olinadigan krossoverlar egalarini 2025-yil sentabr oyining oxiridan boshlab xabardor qilish boshlanadi. Ularga eng yaqin Kia dilerlik markaziga tashrif buyurish taklif etiladi.

U yerda mutaxassislar yaxshilangan yelim tarkibi va qo‘shimcha mexanik mahkamlagichli eshik qoplamalari o‘rnatiladi. Barcha ishlar ishlab chiqaruvchi hisobidan, ya’ni krossover egalari uchun bepul bajariladi.

Fevral oyida Kia Rossiyadagi qariyb 30 ming Sportage krossoverlarini qaytarib olishini e’lon qilgandi.

Sabab sifatida ABS/ESC blokidagi nosozliklar ko‘rsatilgan, bu esa dvigatel bo‘linmasida yong‘in xavfini oshirishi mumkin.


Avvalroq Spot Nissan AQShda 443 mingdan ortiq avtomobillarini qaytarib olishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, qaytarib olishga dvigatel nuqsoni transport vositasining shikastlanishiga yoki butunlay ishdan chiqishiga olib kelishi sabab bo‘lgan.