Booking.com 10 mingdan ortiq Yevropa mehmonxonalarining jamoaviy da’vosiga duch keldi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Ushbu mehmonxonalar platforma 20 yil davomida bozordagi vaziyatni buzish maqsadida o‘z imkoniyatlaridan foydalanganini ta’kidlashmoqda.
Da’vo arizasiga ko‘ra, mehmonxonalar kuchli bosim ostida Booking.com saytida eng qulay narxni taqdim etishga majbur bo‘lishgan. Ular boshqa platformalarda, shu jumladan o‘z veb-saytlarida ham, xonalarni arzonroq narxlarda taklif qilmaslikka rozilik berishgan.
Mehmonxona sohasi vakillarining aytishicha, Booking.com mijozlar mehmonxonalarni faqat sayt orqali bron qilishlari uchun maxsus qoidalarni qo‘llagan.
Ya’ni, odamlar sayt orqali mehmonxonani tanlab, keyin bevosita o‘sha mehmonxonaga murojaat qilib, bron qilmasliklari uchun shunday qilgan.
Da’vo arizasi Yevropa Ittifoqida sohani ifodalovchi Yevropa mehmonxonalar, restoranlar va kafelar uyushmasi (Hotrec) tomonidan taqdim etilgan. Tashkilot mehmonxona egalari da’voga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan muddatni 29-avgustgacha uzaytirdi.
Qayd etilishicha, da’vo Yevropa mehmonxona sektorida ilgari surilgan eng yirik da’volardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Uni allaqachon 30 ta milliy mehmonxona uyushmalari qo‘llab-quvvatlagan. Da’vo arizasi Amsterdamda ko‘rib chiqiladi.
Sud jarayoni, ekspertlarning fikricha, og‘ir bo‘ladi. U Booking.com Yevropa Ittifoqining raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq eng yaxshi narx shartini bekor qilgan 2004-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda mehmonxonalarga yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan.
Avvalroq Spot birinchi yarim yillikda Booking.com O‘zbekistonda 1,9 mlrd so‘m soliq to‘lagani haqida yozgandi.