O‘zbekistondagi BYD zavodida 100 ta bo‘sh ish o‘rni bor. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilayotgan oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha yig‘ilishda aytib o‘tildi, deyaxabar berdi prezident matbuot xizmati.

Taʼkidlanishicha, so‘nggi 7 yilda oliy taʼlimda qabul 4,5 barobar oshib, qamrov 42% ga yetgan bo‘lsa ham, kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emas. Misol uchun, yiliga 20 ming avtomobil chiqarayotgan Jizzaxdagi BYD zavodida 100 ta bo‘sh ish o‘rni bor. Shuning to‘rtdan biri robototexnika va bo‘yoqlash, robotlarni dasturlash muhandislari hisoblanadi.

Zavodda kadr yetishmayotgani uchun xorijdan 80 nafar mutaxassis kelib ishlamoqda. Zavod 4−5 yilda to‘liq quvvatga o‘tib, yiliga 500 ming avtomobil chiqarishni boshlasa, 4 ming nafar oliy malakali kadrlar kerak bo‘ladi.

“Bu — bitta loyiha bo‘yicha hisob-kitoblar. Yaqin 3−4 yilda ishga tushadigan $83 mlrdlik yirik loyihalar hisobiga sanoatni o‘zida 500 mingga yaqin kadr zarur”, — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda oliygohlar tayyorlayotgan kadrlar bilan ish beruvchilarning talabi o‘rtasida farq katta ekani ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, yengil sanoatning o‘zida 4 ming nafar oliy toifali kadrlarga ehtiyoj bor.

Bu yo‘nalishda yiliga o‘rtacha 2,5 ming talaba bitirgani bilan, ular korxonalardagi zamonaviy uskunalarda ishlashni bilmagani uchun 42 foizi ishga joylasha olmayapti. Oqibatda tadbirkorlar chetdan tayyor mutaxassis jalb qilishga majbur bo‘lmoqda.

Davlat rahbari ishga joylashishni hisob-kitob qilishdagi kamchiliklarni tanqid qildi. Bu yilgi 231 ming oliygoh bitiruvchisidan 125 mingi ish topdi, deb hisobot berilayotgani bilan ishli bo‘lganlarning 42 mingi o‘zini o‘zi band qilgani aniqlangan.

Har bir talabani oliygohda o‘qitib, mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga 25−30 mln so‘m sarflamoqda. Lekin, to‘rt yil oliygohda o‘qib, diplom olgan yoshlarning yarmidan ko‘pi kam malaka talab etadigan ishlarda band.

BYD

Xitoyning BYD kompaniyasi bilan hamkorlikda ochilgan Jizzaxdagi elektromobil zavodida Chazor va Song Plus Champion kabi mashinalar ishlab chiqarilmoqda.

Kelgusi yillarda kompaniyada modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati $300 mlnlik ikkinchi bosqich doirasida elektromobillar soni yiliga 200 ming donaga, uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkaziladi.

Davlat rahbari xitoylik hamkorlar bilan kelishib, qo‘shimcha quvvatlarni qurish, elektromobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni izchil o‘zlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Kooperatsiya asosida mahalliy korxonalarga buyurtmalarni shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.

Iyun oyida “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov mahalliylashtirish natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar import qilinganidan arzonroq bo‘lishini ta’kidlagandi.

Undan keyin Ulug‘bek Rozuqulov O‘zbekistonda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar haqida qayd etdi. Iyul oyida “BYD Uzbekistan Factory” xitoylik hamkorlar bilan yangi modellarni chiqarishga kelishib oldi. Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatda ketma ket “BYD E2”, “Seagull” hamda “Yuan Up” elektromobilining rasmiy sotuvi boshlandi.

2024-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatida 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishib, BYD avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish hisobiga tannarxni pasaytirish mumkinligini qayd etgandi. Kompaniya rahbariyati mamlakatdagi tarmoq korxonalari salohiyatini yuqori baholagan.

Avvalroq Spot BYD yil oxirigacha Denza premium brendini O‘zbekiston bozoriga olib kelishi haqida yozgandi.