2023-yilning sentabrida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Xitoyning “BYD” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda gibrid va elektromobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil qilishga qaratilgan bitimni imzolagandi.

Unga ko‘ra, kompaniya va “O‘zavtosanoat” tomonidan mamlakatda gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqaruvchi “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi tashkil etilishi belgilangandi.

18-mart kuni davlat rahbari mazkur loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi investitsiya shartnomasini tasdiqlash haqidagi qarorni imzoladi. Hujjat bilan, investitsiya shartnomasiga turli masalalarni qo‘shish bo‘yicha investor bilan muzokaralar olib boriladi.

Xususan, loyihani amalga oshirishning keyingi davrlarida elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish quvvati bosqichma-bosqich yiliga 500 ming donagacha oshiriladi. Bu esa ko‘rib chiqilgan dastlabki rejalardan yuqori.

Ishlab chiqariladigan elektromobil va gibrid avtomobillarning mahalliylashtirish darajasi 60%gacha yetkaziladi. Mahalliy aholi uchun 10 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

“BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi tomonidan belgilangan eksport davlatlaridan tashqari doimiy ravishda eksport qilinadigan mamlakatlar ro‘yxati kengaytiriladi.

Sifatli va xavfsiz elektromobil va gibrid avtomobillarni xarid qilish, ularning mahalliy iqlim sharoitlariga muvofiqligini ta’minlash hamda kafolatli servis xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha iste’molchilarning manfaatlarini himoya qilish choralari ishlab chiqiladi.

Barcha avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalarga, jumladan “BYD” kompaniyasiga ham qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalarni berishda teng shartlar va sharoitlar yaratilishi belgilanmoqda.

2022-yil oxirida “Build Your Dreams” (BYD) va “O‘zavtosanoat” qo‘shma korxona tashkil etishi ma’lum bo‘ldi. 2023-yilning fevralidan kompaniya O‘zbekistonda avtomobillarni sotishni boshladi.

Undan keyin, Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi. Iyun oyida Xitoy kompaniyasi bilan viloyatda tashkil etilishi belgilangan avtomobilsozlik klasteriga $700 mlnlik investitsiya kiritilishi xabar berildi.

Joriy yil yanvarda davlat rahbari Xitoyning “BYD” kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzaxda gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyihani ishga tushirdi. Birinchi va ikkinchi bosqichlarida ishlab chiqarish hajmi 50 ming donaga yetkaziladi.

Davlat dasturida “BYD” bilan 10 mingta elektromobil va gibrid avtomobillarni to‘liq siklda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.