Xitoyning BYD avtokonserni O‘zbekistondagi rasmiy sotuvlarni 2023-yilning fevralidan boshlashni rejalashtirgan. Bu haqda “O‘zavtosanoat” rahbari o‘rinbosari Aziz Shukurov ma’lum qilgan.

Uning qayd etishicha, Toshkentdagi rasmiy dilerlik markazlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ishlar yakunlanmoqda.

Xitoy kompaniyasining “Song”, “Chaser” va “Xan” modellari sotuvga chiqariladi.

“Mahalliy xaridorlarga rasmiy sotuvlar boshlanishini kutishni va BYD avtomobillarini sotib olishni tavsiya qilaman”, — deydi Aziz Shukurov.

Shu bilan birga, u avtomobillarni qulay narxlarda, ishlab chiqaruvchining uzoq muddatli kafolati hamda vakolatli xizmatlar asosida xarid qilishga undamoqda.

2022-yiln ing fevral oyida “Oʻzavtosanoat” kompaniyasi BYD bilan hamkorlik qilishi xabar berilgandi. Aprel oyida kompaniya bilan hamkorlikda elektromobillar va elektroavtobuslar ishlab chiqarish imkoniyatlari o‘rganilishi aytildi.

Yil yakuniga kelib esa “Build Your Dreams” (BYD) va “O‘zavtosanoat” qo‘shma korxona tashkil etishi ma’lum bo‘lgandi.

Bu bo‘yicha tomonlar kelishuv imzolangan bo‘lib, DM-i turidagi super gibrid modellar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi mazkur qo‘shma korxona O‘zbekistonda joylashishi rejalashtirilgan.