Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu bo‘yicha davlat rahbari sanoatda ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlarini ta’minlash, mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektorda topshiriq berdi.

Unga ko‘ra, avtomobilsozlik tarmog‘ida o‘sishni ta’minlash uchun 1-sentabrga qadar xususiy investorlar jalb qilinishi belgilandi.

Shuningdek, videoselektorda bir oy muddatda 2023-yilda sanoatni 14%ga oshirish bo‘yicha sanoat va investitsiya dasturlarini qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.

Samarqandda mineral o‘g‘it, Navoiyda quruq sianid tuzi va texnik gaz ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bundan tashqari, 1-iyunga qadar Pistali konida 6-gidrometallurgiya zavodi ishga tushiriladi. Avgust oyida “Yoshlik-1” mis koni negizida 3-misni boyitish fabrikasi loyihasini yakunlash ta’minlanadi.

Shuningdek, Andijonda zamonaviy quyuv sexini, Chirchiqda qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterini to‘liq quvvatga chiqarish topshirig‘i berildi.

O‘zbekistonliklarning elektromobillarga bo‘lgan talabi yuqori. 2022-yilning 11 oyida mamlakat fuqarolari xorijdan qiymati $61 mlnlik 1900 dan ortiq elektromobillar xarid qilgan. Bu ko‘rsatkich 2021-yilning mos davriga nisbatan 1223 taga ko‘proq.

Davlat rahbari elektromobillarni ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish, shu bilan birga, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalariga to‘xtalgandi.