Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-oktabr kuni elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish qamrovini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Unda “O‘zavtosanoat” korxonasi rahbarlari bu borada xorijiy kompaniyalar bilan erishilgan kelishuvlar, o‘zlashtirilishi kutilayotgan modellar haqida axborot berdi.

Elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.

“Elektromobillar kundalik hayotimizga jadal kirib boryapti. Import oshyapti. Nima uchun? Chunki talab bor. Bunday mashinalarning xarajati kam. Eng muhimi, odamlarimiz shuni ma’qul ko‘ryapti. Shunday ekan, xalqimizga zamonaviy elektromobillar yetkazib berishimiz kerak”, — dedi prezident.

Bugungi kunda O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash stansiyasi 50 tani tashkil etib, asosan Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan. Elektromobillarga xizmat ko‘rsatish markazlari yo‘q.

“Ekologiyani inobatga olib, kelajakni inobatga olib, bu tarmoqni hozirdan rivojlantirishimiz zarur. Buni qancha tez qilsak, avtomobil bozorida raqobat paydo bo‘ladi. Boshqa elektromobil kompaniyalari ham keladi”, — dedi davlat rahbari.

Taqdimotda tajribaga ega xorijiy kompaniya bilan qo‘shma korxona tashkil qilib, ommabop elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, prezident elektromobillarning narxi arzon bo‘lishi kerakligiga e’tibor qaratdi. Bu esa butlovchi qismlarning mahalliylashtirilganlik darajasiga bog‘liq.

Masalan, elektromobil tannarxining 30%ini akkumulator, 10%ini elektr o‘tkazgichlar tashkil qiladi.

Mamlakatning litiy, mis, grafit kabi xomashyo zaxiralaridan foydalanib, bunday qismlarni ishlab chiqarish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, mahalliy elektromobil xaridi uchun olingan kredit foizining bir qismi qoplab berilishi belgilandi.

Joriy yilda Toshkentda 20 ta elektrobus harakati yo‘lga qo‘yildi. Kelgusi yilda poytaxtimizga yana 200 ta, Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelish rejalashtirilgan.

Bunday transportlarni boshqa shaharlarda ham yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.