Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekiston xorijdan qiymati $61,3 mln.lik 1 912 ta elektromobil import qildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xususan, bu ko‘rsatkich 2021-yilning mos davri bilan solishtirilganda 1223 taga oshgan. O‘tgan oyga nisbatan esa qariyb $6 mln.ga oshib, bir oyda xarid qilingan elektromobillar soni 163 tani tashkil etgan.

11 oyda eng ko‘p elektromobil import qilingan davlatlar yetakchiligini 1 675 ta elektromobil bilan Xitoy egallab turibdi. Bir oyda ularning soni 147 taga oshgan.

Undan keyingi o‘rinda BAA (111 ta) hamda Germaniya (56) turibdi. Shuningdek, bu davrda Gonkongdan 42 ta, Litvadan 10 ta Janubiy Koreyadan hamda boshqa davlatlardan 11 ta elektromobil xarid qilingan.

Umuman olganda, mamlakatda elektromobillarga talab ortib bormoqda. Shunga qaramay, ularga xizmat ko‘rsatish markazlari yo‘q. Mamlakatda elektromobillarni quvvatlash stansiyasi 50 tani tashkil etib, asosan Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan.

Davlat rahbari xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida elektromobillarni ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish haqida ta’kidlagandi. Shu bilan birga elektromobillarni quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalariga to‘xtalgandi.

O‘zbekiston elektromobillar sanoatini nimalar kutmoqda

Mamlakatda elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, quvvatlash stansiyalarini ko‘paytirish bo‘yicha taklif va topshiriqlar berildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillarni utilizatsiya yig‘imidan, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, jihozlari, xomashyo materiallarini bojxona bojidan ozod etish mo‘ljallanmoqda.

Shuningdek, ishlab chiqarish jarayoni to‘liq yo‘lga qo‘yilguncha investorlarga muayyan miqdordagi elektromobillarni imtiyozli shartlar asosida olib kirishga ruxsat berish taklif etilmoqda. O‘zbekiston elektromobillarini sotib olish uchun olinadigan kredit foizlarining ma’lum bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilmoqda.

2023−2025 yillarda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va davlat ulushi 50%dan ko‘p bo‘lgan korxonalarning elektromobillar xarid qilishi qo‘llab-quvvatlanadi.

Elektromobillarda yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatuvchilarga litsenziya uchun davlat boji to‘lashda yengillik beriladi.

Mamlakatda tashkil etilayotgan mis klasterlaridan foydalanib, elektromobillar va quvvatlash stansiyalari uchun butlovchi qismlar tayyorlanadi.

Turin politexnika universiteti huzurida elektromobillar va ularning infratuzilmasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislarni rivojlangan davlatlarga malaka oshirishga yuborish rejalashtirilgan.

Mazkur chora-tadbirlar natijasida mamlakatda yiliga 15−25 mingta elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin. Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga elektromobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish vazifasi qo‘yildi.