Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida davlat rahbari nutq so‘zladi.

Xususan, keyingi 5 yilda sarmoyalar hajmini $120 mlrd.ga yetkazish, kamida $70 mlrd xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘zlanganini ta’kidladi.

Shu maqsadda mamlakatda Xorijiy investorlar kengashi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Investorlarning huquqini himoya qilish qo‘mitasini tashkil etish taklifini bildirdi.

Shuningdek, davlat rahbari, bank-moliya, IT, konchilik, energetika kabi sohalar rivojiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish xususida ham qayd etdi.

“Bundan tashqari, elektromobillarni ishlab chiqarish tarmog‘iga asos solish niyatidamiz”, — dedi prezident.

Bundan tashqari, 2026-yilgacha muqobil manbalardan olinadigan energiyaning umumiy generatsiyadagi ulushini 25%ga yetkazish, ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirish va qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Jahon banki bilan birga 2050-yilgacha milliy iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish strategiyasi ishlab chiqiladi.

“„Yashil“ loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni davom ettirishdan manfaatdormiz va ularda Kengash a’zolarining ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, — dedi prezident.

Davlat rahbari xorijiy investorlar bilan ishlashni tashkil etishning quyidagi tartibini belgilab berdi:

  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida Sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash ishchi guruhi tashkil etiladi;
  • ishchi guruh Xorijiy investorlar kengashi huzurida faoliyat yuritib, chet ellik sarmoyadorlarni kompleks va tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi;
  • investorni aeroportda kutib olishdan tortib, biznes uchun zarur ruxsatnoma va litsenziyalar berishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni “yagona oyna” tamoyili asosida ko‘rsatadi va boshqalar.

Samarqandda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ham prezident bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surgandi.

Shuningdek, kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha o‘tkazilgan ikkinchi Butunjahon konferensiyasida davlat rahbari nutq so‘zlab, Toshkentda YUNЕSKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusini bildirdi.