Oktabr oyida davlat rahbari elektromobil tarmog‘ini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishgandi. Mamlakatda elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, quvvatlash stansiyalarini ko‘paytirish bo‘yicha taklif va topshiriqlar berildi.

Navbatdagi yig‘ilishda mazkur takliflar muhokama qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati. Mutasaddilar tarmoqda ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash zarurligi haqida fikr bildirdi.

Xususan, respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillarni utilizatsiya yig‘imidan, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, jihozlari, xomashyo materiallarini bojxona bojidan ozod etish mo‘ljallanmoqda.

Shuningdek, ishlab chiqarish jarayoni to‘liq yo‘lga qo‘yilguncha investorlarga muayyan miqdordagi elektromobillarni imtiyozli shartlar asosida olib kirishga ruxsat berish taklif etilmoqda.

O‘zbekiston elektromobillarini sotib olish uchun olinadigan kredit foizlarining ma’lum bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilmoqda.

2023−2025 yillarda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va davlat ulushi 50%dan ko‘p bo‘lgan korxonalarning elektromobillar xarid qilishi qo‘llab-quvvatlanadi.

Elektromobillarda yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatuvchilarga litsenziya uchun davlat boji to‘lashda yengillik beriladi.

Mamlakatda tashkil etilayotgan mis klasterlaridan foydalanib, elektromobillar va quvvatlash stansiyalari uchun butlovchi qismlar tayyorlanadi.

Turin politexnika universiteti huzurida elektromobillar va ularning infratuzilmasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislarni rivojlangan davlatlarga malaka oshirishga yuborish rejalashtirilgan.

Mazkur chora-tadbirlar natijasida mamlakatda yiliga 15−25 mingta elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bu yo‘nalish avtomobilsozlikda raqobat yaratishi kerak. Imkoniyatlar ishbilarmonlar bilan muhokama qilinib, ularning fikr va takliflari asosida imtiyozlarni kengaytirish, tarmoqqa tadbirkorlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga elektromobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida davlat rahbari elektromobillarni ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish haqida ta’kidlagandi.

O‘zbekistonliklarning elektromobillarga bo‘lgani talabi ortmoqda. Xususan, joriy yilning 10 oyida o‘zbekistonliklar elektromobillar importiga $55,4 mln sarflagan. Jami xarid qilingan elektromobillarning soni esa 1 749 tani tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan $4,1 mln.ga oshib, bir oyda jami 120 ta elektromobil xarid qilingan.

Mamlakatda elektromobillarni quvvatlash stansiyasi 50 tani tashkil etmoqda. Ular asosan, Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan. Keyingi ikki yilda hududlarda ikki mingta quvvatlash stansiyalarini tashkil etilish belgilangan. Bu stansiyalarga yer, mulk va foyda solig‘idan imtiyoz qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalari orqali elektrni erkin narxda sotish huquqi beriladi.