Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga xorijdan $51,3 mln.lik 1 629 ta elektromobil import qilindi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Sakkiz oyda ularning soni 1499 tani tashkil etib, bir oyda 130 ta elektromobil olib kelingan.

Eng ko‘p elektromobillar import qilingan davlatlar birinchiligida Xitoy turibdi. To‘qqiz oyda mamlakatdan 1 422 ta elektromobil olib kelingan.

Undan keyingi kuchli uchlikda BAA (111) hamda Germaniya (41) turibdi.

Shuningdek, joriy yilda Gonkongdan 31 ta, Litvadan 10 ta, Koreyadan 7 ta hamda boshqa mamlakatlardan — 7 ta elektromobil import qilingan.

O‘zbekistonda elektromobillarga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Avvalroq, davlat rahbari ham elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalariga to‘xtalgandi.

“Elektromobillar kundalik hayotimizga jadal kirib boryapti. Import oshyapti. Nima uchun? Chunki talab bor. Bunday mashinalarning xarajati kam. Eng muhimi, odamlarimiz shuni ma’qul ko‘ryapti. Shunday ekan, xalqimizga zamonaviy elektromobillar yetkazib berishimiz kerak”, — degandi prezident.

Bugungi kunda O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash stansiyasi 50 tani tashkil etmoqda. Ular asosan Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan. Elektromobillarga xizmat ko‘rsatish markazlari esa yo‘q.

Shuningdek, keyingi ikki yilda hududlarda ikki mingta quvvatlash stansiyalarini tashkil etilish belgilandi.

Bu stansiyalarga yer, mulk va foyda solig‘idan imtiyoz qo‘llanilishi ta’kidlandi.Shu bilan birga, tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalari orqali elektrni erkin narxda sotish huquqi beriladi.