Joriy yilda O‘zbekistonda 450 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 21-fevral kuni prezident tomonidan qabul qilingan joriy yilgi davlat dasturida keltirilgan.

Hujjatda mahalliy avtomobilsozlik sanoatida mavjud va yangi ishlab chiqaruvchilarga shaffof va teng sharoitlarni yaratish belgilangan.

Jizzaxda “BYD” kompaniyasi bilan 10 mingta elektromobil va gibrid avtomobillarni to‘liq siklda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yanvarda prezidentning Xitoyga tashrifi doirasida kompaniya bilan gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyiha ishga tushirilgandi. Ishlab chiqarish yiliga 500 mingtaga yetkazilishi mumkin.

Shuningdek, dekabrgacha Jizzaxdagi “ADM Jizzakh” korxonasi negizida Janubiy Koreyaning “KІA” brendi ostida avtomobillarni to‘liq siklda ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, farmon bilan 2024-yilda mahalliy avtomobilsozlik korxonalari tomonidan 450 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarishga erishish belgilandi.

May oyigacha esa Andijon viloyatida “Metall buyumlarni quyish zamonaviy sexini ishga tushirish” loyihasining 2-bosqichini ishga tushiriladi.

Yil oxiriga borib, “Onix” va “Tracker” avtomobillarining mahalliylashtirish darajasini o‘rtacha 55%ga yetkazish belgilangan.

Bundan tashqari, milliy traktorni mahalliylashtirish kamida 35%ga, osma texnika va tirkamalar 60%ga yetkaziladi.

2023-yilda 418 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilib, ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 27,4%ga oshdi. Eng ommabop model “Cobalt” bo‘ldi, mazkur avtomobil 118 ming dona (yiliga +16,1%) ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, 90 mingga yaqin avtomobil bilan “Damas” ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rinni joriy yilda “UzAuto Motors” ishlab chiqarishni to‘xtatgan “Lacetti-Gentra” (82,1 ming dona) egalladi.

2022-yil bilan taqqoslaganda, ommaviy ishlab chiqarilgan avtomobillar ro‘yxatiga birinchi marta “Onix” (30,6 ming dona), “KIA” (15 ming), “Chery” (9,8 ming), “Haval” (134) va “Exeed” (94) kirdi.

2023-yilda yengil elektromobillar savdosi 4,3 barobarga oshib, 25,7 ming donani tashkil etdi. Yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga xorijning 19ta davlatidan $580 mlndan ortiq elektromobillar olib kelindi.

O‘tgan yili jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan yengil avtomobillar soni 3,75 mln donaga yetdi.