“UzAuto Motors” kompaniyasi 2024-yildan “Lacetti-Gentra” avtomobili ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bu allaqachon muhokama qilingan bo‘lib, avtomobil ishlab chiqaruvchisi buni “GM Global” siyosati bilan bog‘lamoqda.

Mazkur avtomobil uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari yangi modellarga yo‘naltiriladi.

Kompaniyaning “Lacetti-Gentra” avtomobillarini ishlab chiqarishni yakunlash bo‘yicha rejalari o‘tgan yilning dekabrida ma’lum qilingandi.

Avvalroq “UzAuto Motors” dekabr oyining ikkinchi yarmida ommabop avtomobillar uchun onlayn kontraktatsiyani ochishi haqida xabar berilgandi.

Kontraktatsiya “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” modellarining 2024-yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan hajmi uchun ochiq bo‘ladi. Bular qatorida esa “Lacetti” modeli mavjud emas.

2022-yilning dekabr oyi o‘rtalarida “Cobalt” va “Lacetti” avtmobillarini xarid qilish uchun shartnomalar berish to‘xtatilgandi. Oradan sakkiz oy o‘tib, joriy yilning 5-avgust kuni mazkur modellar qatorida “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun kontraktatsiya ochildi.

18-sentabr kuni avtomobillarning qo‘shimcha partiyasi uchun kontraktatsiya qayta ochildi. Shu kunning o‘zida, shartnomalar tugadi. Qayta ochilgan avtomobil modellari uchun 28 mingdan ortiq shartnomalar imzolangan.

3-noyabr kuni “UzAuto Motors” bir nechta ommabop avtomobillar uchun kontraktatsiyani ochdi. Biroq, kompaniya rasmiy sayti va mobil ilovasida texnik nosozliklar, dilerlik markazlarida esa tartibsizliklar yuzaga keldi.

Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-oktabr oylarida 65 676ta “Lacetti-Gentra” ishlab chiqarilgan.