Avvalroq, “UzAuto Motors” kompaniyasi 2024-yilda O‘zbekistonda 2008-yildan buyon ishlab chiqarilayotgan “Gentra-Lacetti” avtomobillarini ishlab chiqarishni yakunlashi ma’lum qilingandi.

Shu bilan birga, “Cobalt"ning yangi avlodini ishlab chiqarish orqali hozirgisini almashtirish rejalashtirilgan.

“Gazeta.uz"ning e’tibor qaratishicha, “Cobalt” va “Lacetti” avtmobillarini xarid qilish uchun shartnomalar berish to‘xtatildi.

Bundan tashqari, avtoishlab chiqaruvchining “UzAutoSavdo” Telegram-boti hamda “UzAuto Motors” ilovasida “Lacetti” va “Cobalt” haqidagi axborotlar yo‘qolgan. Dekabr oyi boshida ushbu modellar uchun navbatlar soni o‘n minglab kishini tashkil etgan edi.

Hozir kompaniyaning hamyonbop avtomobillaridan joriy yilning 1-noyabridan sotuvga chiqarilgan “Chevrolet Onix” mavjud. “UzAutoSavdo” Telegram-botidagi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur avtomobilga 11 800dan ortiq navbat mavjud.

Shuningdek, “Damas” avtomobiliga bo‘lgan navbatlar soni 81 mingga yaqinlashmoqda. Bu holat yuzasidan kompaniya rasmiy ma’lumot bergani yo‘q.

Joriy yilning avgust oyida yil oxiriga borib, kompaniya “Spark” va “Nexia” ishlab chiqarishni to‘xtatishi aytilgandi. Bundan tashqari, 2023-yilda kompaniya avval to‘xtatilgan “Captiva” krossoverini yetkazib berishni qaytadan yo‘lga qo‘ymoqchi.