2021-yilda “UzAuto Motors” kompaniyasi Chevrolet Onix avtomobili sotuvi 2022-yil oxiri, 2023-yil boshida yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgani haqida xabar bergandi.

Chevrolet Onix sotuvining birinchi kuni shartnoma imzolangan avtomobillarning rekord soni bilan yakunlandi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

1-noyabr kuni 30 mingga yaqin avtomobillar bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, ulardan 28 mingdan ortig‘i yangi Chevrolet Onix avtomobillari uchun tuzilgan.

Bu boshqa kunlardagi o‘rtacha shartnomalar sonidan qariyb 30 baravarga ko‘pni tashkil qilgan.

Xabarga ko‘ra, Chevrolet Onix’ga tuzilgan shartnomalarning aksariyat qismi (61%i) avtomobilning top komplektatsiyasi uchun tuzilgan.

Shuningdek, doimgidek bir shaxs nomiga ikki va undan ortiq avtomobil xarid qiladiganlarning yuqori ulushi kuzatilgan.

Bunda ularning soni 7 380 nafar yoki xaridorlarning 45%dan ortigini tashkil etgan.

Kompaniya avtomobillarni qayta sotish ehtimoli bilan tuzilgan shartnomalar aniqlangan taqdirda, avtomobilni yetkazib berish muddatini qo‘shimcha 120 kunga oshirishi haqida ma’lum qilgan.