“UzAuto Motors” kompaniyasi bir oyda 12 898ta “Cobalt” ishlab chiqardi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.

Avtomobil ishlab chiqarish sanoatida joriy yilning yanvar-oktabr oylarida ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar soni 266 421tani tashkil etdi.

Shundan, eng ko‘p “Cobalt” avtomobili ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning soni 89 410tani tashkil etgan.

Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,1 barobar, yil boshiga nisbatan esa 11,6 barobarga oshgan.

O‘n oyda 69 323 dona “Damas”, 65 676 dona “Lacetti-Gentra”, 33 970 dona “Tracker”, 25 432 dona “Onix” hamda 8 580 dona “Chery” avtomobillari ishlab chiqarilgan.

Bundan tashqari, ishlab chiqarilgan maxsus yengil avtomobillar soni 18 836tani tashkil etgan.

Noyabr oyi boshida “UzAuto Motors” Damas, Labo, Cobalt va Captiva 5 avtomobillari uchun shartnoma tuzishni ochdi. Biroq, shu kunning o‘zida kontraktatsiya yopildi. Lekin kompaniya tomonidan qancha shartnoma chiqarilgani haqida ma’lumot taqdim etilmadi.

Sentabr oyida avtomobillarning qo‘shimcha partiyasi uchun qayta ochilgan kontraktatsiyada 28 mingdan ortiq shartnomalar imzolangandi.

2022-yilning dekabrida shartnoma berilishi bekor qilingan “Cobalt”, “Lacetti”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillariga avgust oyida ochilgan kontraktatsiyada 50 mingdan ortiq shartnoma imzolangandi.