2022-yilning dekabr oyida “UzAuto Motors” kompaniyasi “Cobalt” va “Lacetti” avtmobillarini xarid qilish uchun shartnomalar berishni to‘xtatgandi. Oradan ko‘p o‘tmay esa “Damas” va “Labo” uchun buyurtma olishni to‘xtatdi.

Oradan sakkiz oy o‘tib, kompaniya “Cobalt”, “Lacetti” va “Damas” avtomobillarining yangi komplektatsiyalari uchun kontraktatsiya ochilgani haqida xabar berdi.

Shuningdek, avvaldan mavjud bo‘lgan komplektatsiyalarning narxlari o‘zgarishsiz qolgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, avtomobillarni yetkazib berish muddatini qisqartirish maqsadida kompaniya ishlab chiqarish jadvaliga muvofiq savdo tizimini joriy etmoqda.

Yangilangan komplektatsiyalar qo‘shimcha opsiyalar bilan:

  • Damas D2 DLX Style Plus — 92 mln 204 ming so‘m;
  • Labo LB2 Plus — 91 mln 669 ming so‘m;
  • Cobalt GS-Style Plus MT — 113 mln 711 ming so‘m;
  • Cobalt GX-Style Plus AT — 134 mln 294 ming so‘m;
  • Lacetti L-Style Plus MT CNG — 144 mln 111 ming so‘m;
  • Lacetti L-Style Plus AT — 160 mln 868 ming so‘m.

Avtomobillar uchun shartnomani kompaniyaning vakolatli dilerlik markazlari hamda “UzAutoSavdo” ilovasida (iOS/Android) tuzish mumkin.

Shuningdek, “UzAutoSavdo” Telegram-boti orqali shartnoma bo‘yicha avtomobil holatini tekshirish mumkin.


Joriy yilning 4-yanvar kuni kompaniya texnik ishlar — dasturiy ta’minot yangilanishi va inventarizatsiya tufayli buyurtmalar qabul qilish, oldindan to‘lovlar va avtomobillarni chiqarish to‘xtatilganini e’lon qildi. 9-yanvar kuni esa shartnoma tuzish va avtomobilni chiqarish bo‘yicha mazkur muddat yana uzaytirildi.

17-yanvarga kelib, “UzAuto Motors” avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobillar berishni tikladi hamda QQSni kamaytirish orqali avtomobillar narxini ham pasaytirishni e’lon qildi.

Yanvar oxiriga kelib, kompaniya bir nechta modellar uchun shartnomalar berishni qayta tikladi.

Ular qatorida “Malibu”, “Equinox”, “Traverse” kabi avtomobillar mavjud bo‘lib, QQSning pasayishi hisobiga shundan faqat Malibuning narxi arzonlashgandi.

May oyi boshida kompaniya “Onix” va “Tracker” uchun buyurtmalarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi va 25-mayda mazkur avtomobillar uchun shartnomalar tuzishni qayta boshlanishi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, “Tracker” va “Onix"ning yangilangan komplektatsiyalari narxi ma’lum qilindi. Mazkur avtomobillar sotuvga chiqqach, bir kunning o‘zida 25 mingga yaqin shartnomalar tuzilgan.

Iyun oyida “UzAuto Motors” “Cobalt” va “Gentra” narxlari oshishi haqidagi xabarlarni rad etdi.