Hukumat qarori bilan “O‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini kompleks hamda maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Nizomga ko‘ra, davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish to‘rt bosqichdan iborat bo‘ladi. Jumladan, birinchi bosqichda ariza rasmiylashtiriladi, undan keyingi ikki bosqichda taʼlim sifati ichki va tashqi baholanadi. So‘nggi bosqichda esa davlat akkreditatsiyasi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi.
Taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish to‘g‘risida arizalar kelgusi o‘quv yilida faoliyatini boshlash uchun har yili 1-oktyabrdan kelgusi yilning 31-yanvarigacha qabul qilinadi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- litsenziya/yuridik shaxsning guvohnoma nusxasi;
- arizani ko‘rib chiqish uchun belgilangan miqdordagi yig‘imlarni amalga oshirganlik to‘g‘risidagi maʼlumotnoma;
- davlat akkreditatsiyasi jarayonlariga biriktirilgan masʼul xodimning maʼlumotlari.
Arizalar 15 ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Taʼlim dasturi “davlat akkreditatsiyasidan o‘tdi” deb eʼtirof etilganda, maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikat 1 hafta muddatda beriladi va mazkur taʼlim dasturi bo‘yicha kadrlar tayyorlashga ruxsat etiladi.
Prezidentning 5-maydagi farmoni bilan Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi loyiha ofisi negizida Prezident administratsiyasi huzurida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil etilgan edi.
Agentlik sohada maxsus vakolatli organ bo‘lib, o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini (ta'lim tashkilotlari) kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazadi.
Avvalroq Spot talabalar turar joyi uchun arizalar qabuli boshlangani haqida yozgandi. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin. Dastlab imtiyoz va ustuvorlikka ega yoshlar talabalar turar joyiga qabul qilinadi.