Avvalroq prezidentning “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonda ish beruvchilarga to‘siq bo‘layotgan javobgarlik choralari bekor qilinadi.

Hujjat bilan 2025-yil 1-sentabrdan ayrim kompaniyalarga YMMTda (Yagona milliy mehnat tizimi) biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) orqali elektron mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishni rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.

Bu xodimlari 50 nafargacha bo‘lgan xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasidagi xo‘jalik yurituvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, 1-sentabrdan davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar haqida vakolatli organni oldindan xabardor qilish tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, “Xavfni tahlil etish” tizimining tahlil natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorni xabardor qilish tartibi davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarga tatbiq etilmaydi.

2026-yildan YMMT orqali qayd etilgan mehnat qonunchiligi buzilishini ish beruvchi ishtirokisiz ko‘rib chiqish va qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha elektron maʼmuriy qaror qabul qilish tizimi joriy etiladi.

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabrdan malakasini oshirish va kasbga qayta tayyorlanish istagidagi shaxslarga qo‘shimcha taʼlim olish uchun “kasb vaucheri” berish tartibi joriy etiladi. Vaucher ssuda sifatida ajratiladi.

Fuqaro o‘qishni tugatib sertifikat olgach, ishga joylashganidan so‘ng ssudani ikki yil davomida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga qaytaradi.

Quyidagi shaxslarga kasb-hunar kurslarida taʼlim olish davrida Jamg‘arma hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari (1,271 mln so‘m) miqdorida stipendiya to‘lanadi:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • 3 oydan ortiq davom etadigan kurslarda taʼlim olayotgan Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalar aʼzolariga;
  • doimiy yashash joyidan boshqa hududga qatnab taʼlim olayotgan shaxslarga.

Bunda ishsizlik nafaqasi to‘lanishi davrida o‘quvchilarga stipendiya tayinlanmaydi.

2020-yil boshidan boshlab hukumat mehnat shartnomalarini elektron tizimda majburiy onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishni joriy etdi. Shu bilan birga, xodimlar uchun ochiq elektron mehnat daftarchalari hamda avvalgi ish joylari haqidagi ma’lumotlarni qo‘shish imkoniyati joriy etildi.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi tegishli qarori bilan, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi mehnat shartnomalarini elektron tuzish tartibi belgilandi. Hujjat ish beruvchi va xodim o‘rtasida ERI yordamida imzolanishi kerak bo‘ladi.

Avvalroq Spot O‘zbekistinda bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlarni taqdim etmaganlik uchun ish beruvchilarni jarimaga tortmaslik, ishga qabul qilish qarorini ularga qoldirish taklif qilingani haqida yozgan edi.