Yangi o‘quv yili arafasida Google Gemini Guided Learning vositasini ishga tushirishini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, kompaniya taqdim qilgan vosita interaktiv sun’iy intellekt repetitori sifatida tanilgan.

Guided Learning vazifalarni bosqichma-bosqich tahlil qilish tamoyili asosida ishlaydi va tushuntirishlarni foydalanuvchining shaxsiy ehtiyojlariga moslaydi.

Jarayonda grafiklar, rasmlar, videolar va testlar kabi ko‘rgazmali materiallar qo‘llaniladi. Bu esa faqatgina so‘rovga javob olish emas, balki mavzuning asosiy tushunchalarini chuqurroq anglash imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, ushbu yangilik Google kompaniyasining ta’lim jarayonlariga sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha keng qamrovli strategiyasining bir qismi bo‘ladi.

Bu strategiya sun’iy intellekt xizmatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yechimlar taqdim etish orqali o‘quvchilarning faolligini pasaytirishi mumkinligi haqidagi ortib borayotgan xavotirlar fonida ishlab chiqilmoqda.

Google Guided Learning‘ga qo‘shimcha ravishda Gemini’ning ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish uchun yangi takomillashtirishlar haqida ma’lum qildi.

Endi sun’iy intellekt javoblarga bevosita vizual tushuntirishlarni (chizmalar, rasmlar, YouTube videolari) avtomatik tarzda kiritishi mumkin.

Bundan tashqari, u berilgan materiallar yoki test natijalari asosida eslab qolish uchun kartochkalar va shaxsiylashtirilgan o‘quv qo‘llanmalarini yaratish imkoniyatiga ega bo‘ldi.


Avvalroq Spot sun’iy intellekt tufayli qanday kasblar yo‘qolib ketishi mumkinligi haqida yozgandi.

Ular orasida tarjimonlar, tarixchilar, jurnalistlar, yozuvchilar, styuardessalar, modellar, matematiklar, konserjlar va boshqa intellektual va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari bor.