Avvalroq prezident raisligida oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari rektorlar vakolatini kengaytirish va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish zarurligini ta’kidladi.

Endilikda, Yangi O‘zbekiston universitetining baholash tizimi oliygohlarda ham yo‘lga qo‘yiladi. Moliyalashtirish ular to‘plagan ballariga qarab amalga oshiriladi. Baholash quyidagicha belgilanadi:

  • bitiruvchilar bandligiga qarab — 40 ball;
  • ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotishiga qarab — 30 ball;
  • ilmiy salohiyati, tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari uchun — 20 ball;
  • tadqiqotlar uchun jalb qilgan mahalliy va xorijiy grant uchun — 10 ballgacha.

Masalan, Qarshi texnika universiteti jami ballarning 85%ini to‘plasa, bu yilgi budjetdan berilayotgan 78 mlrd so‘mga qo‘shimcha 20% lik bonus beriladi. Agar 56% dan kam to‘plasa, keyingi o‘quv yiliga moliyalashtirish qisqaradi.

Milliy universitet, Irrigatsiya kabi ilmiy oliygohlar, Madaniyat va san’at, Konservatoriya kabi ijtimoiy oliygohlarni texnika yo‘nalishidagi amaliy oliygohlar bilan tenglashtirib bo‘lmasligi qayd etildi. Mutasaddilarga reyting mezonlarini ishlab chiqishda buni hisobga olish topshirildi.

Bundan buyon bitiruvchilarni ishga joylashda o‘zini o‘zi band qilganlik inobatga olinmasligi belgilandi.

Yangi O‘zbekiston universitetida rektorlar maktabi orqali rektor va prorektorlikka nomzodlar maqsadli tayyorlanadi. O‘quv kursida eng yaxshi natija ko‘rsatgan rektorlikka nomzodlar malaka oshirish uchun Garvard universitetiga yuboriladi.

Ko‘p masalalarda rektorlarga mustaqillik beriladi. Avvalo, barcha oliygohlar tashkiliy va akademik mustaqil bo‘ladi. Ya’ni, rektor o‘rinbosarlarini o‘zi tayinlaydi (amaldagi tartibga ko‘ra, vazirlik bilan kelishish kerak). Bunda har bir nomzod oliygoh kengashida o‘zining yillik dasturini himoya qiladi.

Rektorlar belgilangan moliyalashtirish va shtati doirasida professor-o‘qituvchilar va boshqaruv xodimlarini o‘zi taqsimlaydi. Bundan tashqari, rektorlarga “super” kontrakt summasini tabaqalashgan holda belgilash vakolati beriladi.

Avvalroq Spot taʼlim tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘rt bosqichdan iborat bo‘lishi haqida yozgan edi. Taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish to‘g‘risida arizalar har yili 1-oktabrdan kelgusi yilning 31-yanvarigacha qabul qilinadi.