Jennifer Lopesning Toshkentdagi konsert shousiga 25 mingta chipta sotildi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali lavhasidan ma’lum bo‘ldi.
7-avgust kuni Toshkentdagi Bunyodkor stadionida dunyoga mashhur xonanda Jennifer Lopesning Up All Night — LIVE IN 2025 gastroli doirasidagi konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi. O‘zbekiston 24'ning aniqlik kiritishicha, konsert tijorat asosida tashkil etilgan.
Ma’lum qilinishicha, narxi 1 mln so‘mdan 4,2 mln so‘mgacha bo‘lgan jami 25 mingta chipta realizatsiya qilingan. Konsertdan olinishi mumkin bo‘lgan tushum 25 mlrd ($1,97 mln) dan 105 mlrd so‘m ($8,28 mln) gacha baholanmoqda.
Chiptalarning 15 mingdan ortig‘i — 67%i asosan VIP-zonalar xorijiy fuqarolar tomonidan sotib olingan. Ulardan 7,5 mingini rossiyaliklar, 2,5 mingini qozog‘istonliklar, shuningdek, Yevropa va boshqa davlatlar fuqarolari tashkil etadi.
Qayd etilishicha, ko‘plab xorijliklar Jennifer Lopes konserti ortidan O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirib, 4−6 kunga mo‘ljallangan sayohat paketlarini xarid qilishgan. “Hozir turizm mavsumi emasligi hisobiga yozning issiq kunlarida sayyohlarning bunday oqimi yaxshi ko‘rsatkich”, deya qo‘shimcha qildi telekanal.
Avvalroq, Spot Chorvoqdagi Sea Breeze kurorti O‘zbekistonga 5 mlngacha xorijiy sayyohlarni jalb qilishi mumkinligi haqida yozgandi.