Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 7-avgust kuni Navoiy viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. 2025-yilning 6 oyida investitsiya hajmi $643 mlnga yetdi, eksport $635 mlndan oshdi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari Sa’dulla Mirzayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezidentga Navoiyda amalga oshirish ko‘zda tutilayotgan turizm sohasidagi yangi loyihalar taqdim etilganini ma’lum qildi.

Samarqand hamda Buxoro viloyatlariga tashrif buyurayotgan 5 mlnga yaqin sayyohni Navoiy viloyatiga jalb qilish ishlari sustligi ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, Aydarko‘l bo‘yida safari va ovchilik turizmini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ko‘rib chiqildi. Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasidan Nurota chashmasi va Yetti pir ziyoratgohigacha bo‘lgan turizm xalqasini yaratish taklif qilindi.

Bundan tashqari, davlat rahbari Nurotada alohida kashtachilik markazini yaratish va unga sayyohlarni jalb qilish, madaniy istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish, tog‘li hududlarda treking turizmini amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston 24 lavhasida Navoiy viloyatida o‘rtacha ish haqi boshqa hududlarga nisbatan 1,5 baravar yuqoriligi savdo va servisga talab hamda taklifni oshirishi qayd etildi. Taqdimotda viloyat aholisi uchun yangi dam olish maskanini barpo etish loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, parkda shinam alleyalar bilan birga, faol xordiq chiqarish imkoniyati yaratiladi hamda bu yerda to‘liq bir kunni “mazmunli o‘tkazish” mumkin bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra, yangi park Navoiy ko‘li atrofida — hozirgi Alisher Navoiy parki o‘rnida qurilib, savdo nuqtalari, atraksionlar, piknik hududlari, akvapark, plyaj zonalari, avtoturargoh hamda favvora kabilar bir joyda jamlanadi.

“Park infratuzilmasi shunday rejalashtirilayaptiki, bu yerdagi dam olish ham mazmunli, ham keng omma uchun ochiq va arzon bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yangi park hududida 200 mingdan ortiq daraxt ekish rejalashtirilmoqda. Bu orqali shahar manzarasini yangilash hamda qulay va sog‘lom iqlimni yaratishga qaratilgan.

Prezident viloyatda daromadlar yuqoriligi, xizmat ko‘rsatish hamda dam olish maskanlarining kamligi hisobiga bunday loyihalar asosida barpo etiladigan maskanlar aholining madaniy xordiq chiqarishiga xizmat qilishini qayd etdi.

Avvalroq Spot Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilingani haqida yozgandi.