Shvetsiya hukumati rahbari Ulf Kristersson muhim siyosiy qarorlarni qabul qilishda muntazam ravishda chat-botlarga murojaat qilishini tan oldi.
Dagens Industri biznes nashriga bergan intervyusida Kristersson murakkab masalalarni tahlil qilishdagi yondashuvining tafsilotlarini ochib berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ChatGPT va fransuz LeChat kabi platformalar unga muammolarni turli burchaklardan ko‘rib chiqishga yordam beradi.
“Bu muqobil variantlarni tez tekshirib ko‘rishga o‘xshaydi,” deya izoh berdi siyosatchi.
Bosh vazir aniq misol keltirdi: yangi ijtimoiy dasturni muhokama qilayotganda, u sun’iy intellektdan boshqa mamlakatlarda shunga o‘xshash chora-tadbirlar qanday amalga oshirilganini tahlil qilib berishini so‘ragan.
“Ba'zida tizim e’tiborga olish lozim bo‘lgan kutilmagan o‘xshashliklarni taklif etadi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Bayonot siyosiy va ekspert doiralarida shiddatli reaksiyaga sabab bo‘ldi. Eng keskin pozitsiyani muxolifat egalladi.
“Siyosiy qarorlar tijorat kompaniyalari tomonidan yaratilgan algoritmlar asosida emas, balki ekspert baholari asosida qabul qilinishi kerak”, — dedi Sotsial-demokratik partiya vakili Anders Yunsson.
Kiberxavfsizlik mutaxassislari alohida tashvish bildirdilar. Stokgolm universiteti professori Lena Bergstrem shunday ta’kidladi: “Hatto umumiy so‘rovlar ham hukumatning strategik fikrlash yo‘nalishlarini ochib berishi mumkin. Bu ma’lumotlar chet el manfaatdor tomonlari uchun qimmatli axborot bo‘lib xizmat qilishi mumkin”.
Bosh vazir ma’muriyati texnologiyalardan foydalanish tafsilotlarini tezda aniqlashtirdi. Rasmiy vakil Tom Samuelssonning ta’kidlashicha, barcha maxfiy ma’lumotlar to‘liq himoyalangan. Sun’iy intellekt faqatgina ochiq ma’lumotlarni dastlabki tahlil qilish uchun qo‘llanilmoqda.
Avvalroq Spot sun’iy intellekt tufayli insoniyatning yo‘q bo‘lib ketish xavfi 95% deb baholanayotgani haqida yozgandi.
Google va Microsoft sobiq muhandisi Neyt Soaresning qayd etishicha, sun’iy intellekt hozirgi sur’atda rivojlanishda davom etsa, bunday yuqori ko‘rsatkich saqlanib qoladi.