O‘zbekistonda ish beruvchilarga to‘siq bo‘layotgan javobgarlik choralari bekor qilinadi. Bu prezidentning “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni bilan belgilandi.
Unga ko‘ra, mehnat munosabatlari va kasbga o‘qitish tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalish va maqsadlari belgilandi. Jumladan, xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnatga oid munosabatlarning samarali, adolatli va o‘zaro manfaatli tizimi yaratiladi.
Shuningdek, ish beruvchilarning ehtiyojiga muvofiq ularni malakali kadrlar bilan taʼminlash tizimi joriy etiladi.
2025-yil 1-sentabrdan ish beruvchilar uchun belgilangan bo‘sh ish o‘rinlariga bandlik organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilinadi.
Bundan tashqari, bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish talabi ham bekor qilinmoqda.
Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabrdan xo‘jalik yurituvchilar quyidagi shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:
- nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar;
- Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari;
- muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
- ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar.
Bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi zarur. Bu — xodimlari soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi.
2025-yil 1-noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. U so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlaganlarga mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng ular 6 oy ichida murojaat qilganda, oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida beriladi.
Shu bilan birga:
- 1-oyda o‘rtacha oylik ish haqining 75%i, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi;
- 2- va 3- oylarda esa o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi.
Ishsizlik nafaqasini takroran belgilashda dastlabki tayinlangan nafaqani olish muddati tugagandan so‘ng qo‘shimcha ravishda kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.
Avvalroq O‘zbekistinda bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlarni taqdim etmaganlik uchun ish beruvchilarni jarimaga tortmaslik, ishga qabul qilish qarorini ularga qoldirish taklif qilingandi.