8-avgust kuni Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahrida energetika tizimining barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Poytaxtda bir yil ichida 12 mingta yangi quvvat, savdo va servis majmualari ishga tushdi. Maishiy texnikalardan foydalanish ko‘payishi energiyaga talabni oshiradi. Shuni hisobga olib, oxirgi ikki yilda Toshkentda elektr ta’minotini yaxshilash uchun 2,8 trln so‘m yo‘naltirilgan. 36 ta podstansiya, 665 ta transformator, 2 ming kmdan ziyod tarmoq yangilangan.
Lekin hali qilinadigan ishlar ko‘pligi qayd etildi. 46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlayapti. Yil boshidan beri poytaxtda elektr iste’molchilari yana 40 mingtaga ko‘paygan, talab 6% o‘sgan.
Shu bilan birga, ilgari yozdagi jazirama kunlar davomiyligi bir haftadan oshmagan bo‘lsa, bu yil 20 kungacha cho‘zilgan. Oqibatda iyul oyida Toshkent shahrida iste’mol miqdori 900 mln kVt/soatdan oshgan.
Bu omillar modernizatsiya jarayonlarini izchil davom ettirishni talab qiladi. Taqdimotda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov poytaxtdagi har bir tuman va mahallalar kesimida rejalarni bayon qildi.
Unga ko‘ra, bu yil birinchi bosqichda 374 km tarmoq, 11 ta podstansiya, 62 ta transformatorni yangilash ko‘zda tutilgan. Kelasi yil yana 788 km tarmoq, 35 ta podstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi. Jumladan, mahallalardagi transformator va tarmoqlar ta’mirlanib, yangilari o‘rnatiladi.
Prezident kuz-qish mavsumiga oz fursat qolganiga e’tibor qaratib, bu yilgi rejani 1-noyabrgacha yakunlash zarurligini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda barcha hududlarda generatsiya ko‘paytirib borilmoqda. Shu bilan birga, sanoat korxonalarini muqobil energiya tizimiga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, 2027-yilgacha yirik korxonalar va turizm maskanlarida 752 MVtli quyosh stansiyasi hamda 812 MVtli saqlash quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Mutasaddilar atom energetikasi yo‘nalishidagi ishlar haqida ham axborot berdi. Mamlakatda qurilishi rejalashtirilayotgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasining har bir bosqichi — loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida bo‘lishi, eng ilg‘or xavfsizlik talablari tatbiq etilishi ta’kidlandi.
Prezident rejadagi inshootlarni sifat va muddatga amal qilgan holda ishga tushirib, barqaror energiya quvvatlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Vazirlar Mahkamasiga energiya samaradorlikni oshirish masalasini har hafta muhokama qilib borish topshirildi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Belarusni birinchi AES qurilishi loyihasiga qo‘shilishga taklif qilgani haqida yozgan edi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, O‘zatom AES qurish va undan foydalanish bo‘yicha Belarus tajribasini o‘rganmoqda.