O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida uchinchi davlat fuqarolari va yengil avtomobillar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi, deya xabar bermoqda Bojxona matbuot xizmati.

Ruxsat berish ikki davlat o‘rtasida imzolangan “Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari to‘g‘risida"gi bitimga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Unga ko‘ra, 2025-yil 10-avgust soat 6:00 dan boshlab Toshkent viloyatidagi “Bekobod avto” hamda Sirdaryo viloyatidagi “Xovosobod” chegara bojxona postlari orqali uchinchi davlat fuqarolari va yengil avtotransport vositalari harakati yo‘lga qo‘yiladi.

Avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston to‘rtta chegara postida yangi yuk avtomobillari harakatini yo‘lga qo‘ymoqchiligi haqida xabar berilgandi.

Bu O‘zbekistondagi uchta — Yallama, Najimov hamda Sirdaryo chegara bojxona postlaridagi yuklama va tirbandliklarni kamaytiradi.

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara punktida elektron navbat tizimi joriy etilishi 2023-yil boshida ma’lum bo‘lgandi.

2024-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida 2025-yilda G‘ishtko‘prik, Navoiy, Dovut-ota, Shovot va Gulbahor postlarida qo‘shimcha koridorlar qurilib, o‘tkazish quvvati 5 karra oshirilishi ma’lum qilindi.

Yanvar oyida prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan taqdimotda transport vaziri Ilhom Mahkamov nazorat-o‘tkazish punktlari kengaytirilishini, elektron navbat va onlayn kuzatuv tizimlari joriy etilishini qayd etdi.

Avvalroq Qozog‘iston bilan chegaradagi Dovut ota o‘tkazish punkti yana to‘rt oyga yopilgani haqida xabar berilgandi. Tajen nazorat-o‘tkazish punktida davom etayotgan rekonstruksiya ishlari sababli Qozog‘iston tomoni fevral oyida qo‘yilgan cheklovni 1-sentabrgacha uzaytirishni taklif qilgan. O‘zbekiston buni qo‘llab-quvvatladi.