Iyun oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda Grand Mir Hotel (sobiq “Rossiya”) mehmonxonasi buzilib, uning o‘rnida uchta 30 qavatdan yuqori bo‘lgan bino, jumladan, biznes va savdo markazlari qurilishi haqida xabarlar tarqaldi.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning bosh pudratchisi sifatida Koç Construction ko‘rsatilgan. Dastlab post kenjapolvon telegram kanalida paydo bo‘lgan, keyin esa o‘chirib tashlangan edi.
26-iyun kuni Koç Construction qurilish tashkiloti Spot’ga kompaniyaning ushbu loyihaga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.
“Hozirgi vaqtda kompaniyamizda ushbu loyiha bilan bog‘liq rasmiy shartnoma yoki kelishuvlar mavjud emas. Qandaydir o‘zgarishlar yoki kelishuvlar tuzilgan taqdirda, biz bu haqda rasmiy kanallar orqali o‘z vaqtida xabar beramiz”, — deya ta’kidladi Koç Construction.
Kompaniya noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmaslik va faqat tasdiqlangan manbalardan foydalanishni so‘radi.
Iyul oyi o‘rtalarida bloger Nikita Makarenko Grand Mir Hotel xodimlariga tayanib, sentabr oyidan boshlab ikki blok, 9 qavat va 126 xonadan iborat mehmonxona keyinchalik buzilish uchun yopilishini ma’lum qilgandi.
Loyihaning arxitektura konsepsiyasini ishlab chiqayotgan Design Factory kompaniyasi vakili Shavkat Abdullayev Podrobno.uz'ga bergan izohida Grand Mir Hotel’ni buzish sentabr oyiga rejalashtirilganini va yil oxirigacha yakunlanishini tasdiqladi.
“Loyiha allaqachon tasdiqlangan, uning doirasida 30 qavatli biznes markazi va ikkita qo‘shimcha bino qurish rejalashtirilgan. Amalga oshirish muddati — ikki-uch yil”, — deya aniqlik kiritdi Abdullayev loyiha aynan qaysi idora tomonidan ma’qullanganiga aniqlik kiritmasdan (Podrobno.uz saytidan iqtibos).
Yakkasaroy tumani hokimligi Spot murojaatiga javoban, Grand Mir Hotel xususiy kompaniyaga tegishli ekanligini, shuning uchun hokimiyat tadbirkorlarning ishlariga aralasha olmasligini ta’kidladi. Ayni paytda binolar majmuasini qurish loyihasi hali tuman hokimligiga kelib tushmagan. Toshkent shahar hokimligi ushbu loyihaga aloqadorligini rad etmoqda.
Vaziyatdan xabardor manbaning Spot’ga ma’lum qilishicha, Grand Mir Hotel mehmonxonasi o‘rnida binolar majmuasini qurish loyihasi allaqachon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashiga kelib tushgan. Spot Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga so‘rov yubordi, biroq hali javob olgani yo‘q.
Booking.com mehmonxonalarni bron qilish saytida 26-avgustdan boshlab Grand Mir Hotel xonalarini bron qilish imkoni mavjud emas. Ayni paytda mehmonxona sayti ishlamayapti. Mehmonxonaning call-markazidan Spot muxbiriga ma’lum qilishlaricha, Grand Mir Hotel 26-avgustdan rasman yopiladi, shuning uchun xonalarni bron qilish imkoni yo‘q.
Nikita Makarenkoning yozishicha, Yakkasaroy tumani “Bog‘saroy” mahallasining yuzlab aholisi mazkur mehmonxona o‘rnida 30 qavatli binolar qurilishiga qarshi imzo to‘plagan. Ular yaqin vaqt ichida prezident Shavkat Mirziyoyevga loyihaga qarshi bir necha ming imzo taqdim etish niyatida.
Avvalroq Spot hukumatga qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborilgani haqida yozgan edi. Senatorlar ko‘p qavatli uylarga yaqin joylarda o‘zboshimcha qurilishlarni oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar yetarli emasligini ta’kidladi.